O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Xo‘jayev va Ozarbayjon Kino agentligi direktori Orxan Fikreto‘g‘li o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari e’tirof etilib, kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga «Maqsud Shayxzoda» badiiy filmini hamkorlikda suratga olish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bu yil bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro kinofestivaliga Ozarbayjon vakillari taklif etildi. Qolaversa, tomonlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, urf-odatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ikki mamlakat hududida milliy filmlar namoyishini tashkil etish g‘oyasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Ozarbayjon tomoni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni tarannum etuvchi hujjatli film suratga olish taklifini berdi. XVI Toshkent xalqaro kinofestivaliga tashrif davomida film lokatsiyalari ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Bundan tashqari Ozarbayjonning Shusha shahrida ilk marta o‘tkazilishi rejalashtirilgan Talabalar festivaliga o‘zbekistonlik talabalarning ishtirok etishiga oid kelishuvga erishildi.
N.Usmonova, O‘zA