Toshkent dengizi sohili 300 kilogrammdan ortiq chiqindidan tozalandi.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va O‘zbekiston hamkorligining 30 yilligi munosabati bilan Chiqindilarni boshqarish va sikulyor iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan ekologik aksiya — plogging tashkil etildi.
Tadbirda 50 dan ortiq soha xodimlari faol ishtirok etdi. Aksiya doirasida Toshkent dengizi sohili bo‘ylab 300 kilogrammdan ortiq chiqindilar yig‘ildi va maxsus texnika yordamida bartaraf etildi.
Mazkur ekologik harakat joriy “Xalqaro sohillarni tozalash haftaligi” doirasida o‘tkazildi. Bu tashabbus dunyodagi eng yirik ekologik aksiyalardan biri bo‘lib, suv hovzalarini muhofaza qilish va tozalashni maqsad qiladi.

— Atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish — kichik, lekin doimiy harakatlardan boshlanadigan kundalik mas’uliyatdir, — dedi Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya. - O‘zbekistonda ekologik harakatlar so‘nggi yillarda tobora kuchayib bormoqda va bu global o‘zgarishlarga hissa qo‘shmoqda. Bugungi plogging orqali biz yanada toza va sog‘lom sayyora uchun hissa qo‘shyapmiz. Bu yo‘nalishdagi samarali hamkorlik uchun Agentlikka samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Chiqindilarni boshqarishda barqaror amaliyotlarni ilgari surish O‘zbekiston uchun yashil kelajakni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari har bir yig‘ilgan chiqindi — tabiatni asrash va kelajak avlodga toza, sog‘lom muhit qoldirish sari qo‘yilgan muhim qadam ekanini qayd etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Osiyo taraqqiyot banki tarkibida 69 ta davlat a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston bilan hamkorlik 1996 yildan boshlangan bo‘lib, shu vaqtgacha 117 ta loyiha amalga oshirilgan. Barcha loyihalarda ekologik barqarorlik, gender tengligi va yashil iqtisodiyot tamoyillariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Ekologik tadbir doirasida soha xodimlari uchun amaliy seminarlar va malaka oshirish mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi. Bu jarayon nafaqat xizmat sifatini oshirish, balki jamoa ichida hamjihatlik va umumiy mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qildi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA