Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va O‘mon sherikligi yangi bosqichga ko‘tariladi
16:26 / 2022-01-21

O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon sultonligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 4-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Uchrashuvga O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev, O‘mon tomonidan esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiy hamraislik qildi.

Ikki mamlakat tegishli vazirlik, idoralari rahbarlari ham ishtirok etgan tadbir kun tartibiga investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnologik hamkorlik, shuningdek, turizm, transport, inson resurslari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida ikki tomonlama munosabatni yanada chuqurlashtirish masalalari kiritildi.

Muhokama chog‘ida yig‘ilish ishtirokchilari ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning o‘sish nuqtalarini aniqlab, istiqbolli yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyiha, dastur va tashabbuslarni ilgari surish mexanizmini kelishib olishdi.

Neft va gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, turizm va boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligi qayd etildi. Savdo aylanmasi miqdorini oshirish imkoniyatini birgalikda o‘rganish, mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yaqin aloqa o‘rnatish va tadbirkorlarni qo‘shma loyihalar amalga oshirishga jalb qilish bo‘yicha ishlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi. Tadbirkorlar sherikligining ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish va yangi biznes tashabbuslarini hayotga tatbiq etishni amaliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Umumiy qiymati qariyb 200 million dollarga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirgan “UzOman Capital” o‘zbek-o‘mon investitsiya kompaniyasi faoliyati e’tirof etildi. Tomonlar o‘monlik va boshqa xorijiy investorlar sarmoyasini jalb etish maqsadida yaratilgan mazkur samarali qo‘shma platformadan faol foydalanishga kelishib oldilar.

Shuningdek muloqot davomida transport sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, turizmga investitsiya jalb qilish, turistik almashinuv dasturlarini birgalikda yo‘lga qo‘yish masalalari ham kelishildi. Bundan tashqari, yo‘lovchi va yuk oqimini tezlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, madaniy almashinuvni kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan har bir sohada kelgusida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarni aks ettiruvchi bayonnoma imzolandi.
 

G.Sattorova, O‘zA