O‘mon Sultonligining Toshkentdagi elchixonasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan O‘mon Savdo sanoat palatasining Janubiy Ash-Sharqiya muhofazasidagi boshqarmasi raisi Anvar Hamid Al-Sananiy boshchiligidagi 30 ga yaqin tadbirkorlar delegatsiyasi bilan mahalliy biznes vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import salohiyatini oshirish, yangi imkoniyatlar yaratish, shuningdek, hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
– O‘lkangizga tashrifimizdan juda xursandmiz, - dedi Anvar Hamid Al-Sananiy. – O‘mon Sultonligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar juda qadimiy va biz bu munosabatlarni iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish istagidamiz. Yurtingizning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ko‘p yillik tajribasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida olib borayotgan ishlari tahsinga loyiq.
O‘zbekiston – O‘mon biznes forumi hamda B2B formatdagi ikki tomonlama uchrashuvlarda O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir Al-Busaidiy xonim jumladan, shunday dedi:
[gallery-20832]
– Ushbu forum davomida imkoniyatlar va muammolar, potensial loyihalar haqida suhbatlashdik. Ishbilarmon doira vakillari aniq loyiha takliflari asosida biznes hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Quvonarli jihati, anjuman doirasida O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi va O‘monning “Thunder Logistics” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
O‘monlik hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlar yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochuvchi ushbu yig‘inlarda sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/F7PK6D4SDbQ" title="Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasidagi iqtisodiy-investitsion hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muharrama Pirmatova, Asliddin Alijonov (surat), Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA