Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va OECD: jahon iqtisodiyotiga chuqur integratsiya yo‘lidagi strategik qadam
20:20 / 2026-02-04

Diyorimiz jahon iqtisodiy hamjamiyatiga chuqur integratsiyalashish yo‘lida muhim qadam tashladi. Gap shundaki, yaqinda O‘zbekiston hukumati hamda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti – OECD o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ta’kidlanishicha, hamkorlik investitsiya muhitini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, korrupsiyaga qarshi kurash va “yashil” energetikani o‘z ichiga olgan 19 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi. 

Yana bir muhim yangilik sifatida aytish mumkinki, yurtimiz shuningdek, OECDning Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish uchun ariza topshirdi. Bu dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq davlat tomonidan tan olingan muhim vosita bo‘lib, deklaratsiyaga qo‘shilish xalqaro investorlar ishonchini oshiradi va mamlakatning global investitsiya muhiti reytinglaridagi o‘rnini yaxshilaydi.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) davlat siyosatida ma’lumotlar, tahlillar va eng yaxshi amaliyotlarni taqdim etuvchi forum va bilim markazidir. Bu markaz hayot sifatini yaxshilaydigan samaraliroq siyosatlarni shakllantirishga yordam berish orqali kuchliroq va adolatliroq jamiyatlarni qurish uchun 100 dan ortiq mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur hamkorlik o‘lkamiz fuqarolarining hayot sifatiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, bu hamkorlik ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini yaxshilash, investitsiya oqimlarining o‘sishi tufayli yangi ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitni muhofaza qilish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, mehnat huquqlari va ijtimoiy himoyani mustahkamlashga xizmat qiladi. 

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi samarali bo‘ldi.  Delegatsiyaning yutuqlari sifatida OECD rahbariyati bilan o‘tkazilgan ishchi uchrashuvlarda respublikamizning deklaratsiyaga qo‘shilishini tezlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzish, OECD ning mas’uliyatli biznes yuritish bo‘yicha Milliy aloqa markazini tashkil etishda ko‘maklashishi, O‘zbekiston investitsiya siyosatini ko‘rib chiqishning ikkinchi bosqichi doirasida hamkorlik, shu jumladan, zamonaviy investitsiya kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini qayd etish mumkin.

Ekspertlar fikricha, ushbu hamkorlik Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi va eng yuqori xalqaro standartlar asosida jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi uchun yangi ufqlar ochadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA