Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasining Mo‘g‘ulistonga tashrifi doirasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish maqsadida qator mahalliy kompaniya va tashkilotlar mas’ullari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Mo‘g‘uliston Raqamli rivojlanish va kommunikatsiyalar vazirligi Davlat kotibi Batsetseg Bataa bilan muzokara chog‘ida tomonlar bugungi kunning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi, hukumatni raqamlashtirish sohasida tajriba almashdi. Qo‘shma dasturlar ishga tushirishga kelishib olindi. Shuningdek, IT-kompaniyalar uchun qonunchilik bazasini takomillashtirish sohasida sheriklik bo‘yicha umumiy yo‘l xaritasi ishlab chiqish, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida davlat dasturiy mahsulotlarini birgalikda joriy etish salohiyati e’tirof etildi.

Bundan tashqari, delegatsiyamiz a’zolari Mo‘g‘ulistondagi yirik texnologiya kompaniyalariga mamlakatimizda filial ochish orqali yangi bozorlarga chiqish imkonini beruvchi O‘zbekistonning IT salohiyati va foydali dasturlarini taqdim etdi.
Vakillarimiz tomonidan sun’iy intellektga asoslangan loyihalar, xususan MyID ekotizimi imkoniyatlari aks ettirilgan taqdimot o‘tkazildi.

Mo‘g‘uliston Milliy IT Parki direktori J.Zolzaya bilan kechgan uchrashuvda tomonlarning startap tizimini rivojlantirishga yondashuvi, loyihalarni ko‘paytirish uchun qonunchilik bazasini mustahkamlash, xorijiy investitsiya jalb qilish mexanizmini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Respublikamizda startap ekotizimini mustahkamlash, xalqaro akseleratorlar bilan hamkorlik qilish, mahalliy ta’sischilarga o‘z yechimlarini xorijdagi yangi bozorlarga eksport qilishda ko‘maklashish borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashildi.

Muzokaralar natijasida ikki davlat texnoparklari o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilgan hamkorlik memorandumi doirasida tomonlar innovatsiyani birgalikda rivojlantirish imkoniga ega bo‘lishadi. Bu nafaqat ikki davlatda, balki butun mintaqada iqtisodiy rivojlanish va texnologik imkoniyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mo‘g‘uliston Savdo-sanoat palatasi rahbari Dashserengiin Enxtuvshin bilan uyushtirilgan uchrashuvda mezbon tomon yashil energiyaga o‘tish singari muhim yo‘nalishlar hamda IT-texnologiya sohasida hamkorlikka tayyorligini qayd etdi.
O‘zbekistonliklar yurtimizda so‘nggi yillarda yashil energiya olish borasida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi, Uzinfocom – yagona integrator tomonidan ishlab chiqilgan yagona billing tizimi “Raqamli energiya” loyihasi qisqacha taqdimoti o‘tkazildi.
M.Pirmatova, O‘zA