Bugun O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tamir Hammad bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki davlatni birlashtirib turadigan tarixiy-madaniy mushtaraklik, azaliy do‘stlik va yaqin hamkorlik alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, muloqot chog‘ida Ahmad Farg‘oniy merosi yodga olindi. U o‘z davrining yetuk astronomi, matematigi va geografi sifatida Bag‘dod, Damashq hamda Qohirada ilmiy izlanishlar olib borgan. Olim 861 yilda Nil daryosida suv sathini o‘lchash uchun “Miqyos an-Nil” qurilmasini barpo etgan bo‘lib, bu inshoot qariyb 1200 yil mobaynida uzluksiz xizmat qilgan. Bugungi kunda esa u sayyohlar tashrif buyuradigan muhim tarixiy obidaga aylangan.
Uchrashuvda tomonlar suv resurslaridan samarali foydalanish, yer osti suvlari zahirasini o‘rganish, suvni tejash texnologiyalari va innovatsiyalar sohasida tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.

– O‘zbekistonda ham, Misrda ham ziroatchilik iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ekin yetishtirish uchun esa suv eng muhim omil. Biz suvdan oqilona foydalanish va uni tejashda katta tajribaga egamiz. Shu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyormiz, – dedi elchi janoblari.
Elchi Tamir Hammad suv xo‘jaligi vazirini joriy yilning 12-16 oktyabr kunlari Qohira shahrida o‘tkaziladigan “Suv haftaligi” tadbirlariga ham taklif etdi. U mazkur muloqotni juda samarali va esda qolarli uchrashuvlardan biri sifatida baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar suv xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA