Misr Arab Respublikasining “Yettinchi kun” va boshqa nashrlari mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi bilan uchrashganini yoritdi.
Манбага ko‘ra, Misr qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vaziri Ala’ Faruq diyorimizning Qohiradagi Favqulodda va muxtor elchisi Mansurbek Qilichev bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuv avvalida qishloq xo‘jaligi vaziri Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar chuqur ekani, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va ikki mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun har tomonlama yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.
Faruq Misrning bu boradagi katta tajribasi zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalariga hamqadam bo‘lishi, qishloq xo‘jaligi va o‘simliklar karantini bo‘yicha so‘nggi uch yil davomida tayyorlangan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolanganini hisobga olgan holda, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy tadqiqotlar va uni qo‘llash bo‘yicha qo‘shma hamkorlik qilish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, elchimiz ko‘plab sohalarda xususan, qishloq xo‘jaligida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani, bu har ikki davlat siyosiy rahbariyatining iqtisodiy sohada ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlikka alohida e’tibor qaratayotganini e’tirof etdi.
Mansurbek Qilichev paxta yetishtirish texnologiyalarida Misr tajribasidan foydalanish, qator qishloq xo‘jaligi ekinlari, birinchi navbatda, kartoshkaning yaxshilangan, serhosil urug‘larini yetishtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilish istagi borligini ta’kidladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA