23 yanvar – O‘zbekiston va Misr o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan sana. Yillar davomida ikki davlat hamkorligi turli sohalarda izchil rivojlandi. O‘zaroaloqalarning mustahkam poydevori tarix, ma’naviyat va ilm yo‘lidagi mushtaraklik ekani tobora ayon bo‘lmoqda.
Asrlar ortidan kelayotgan umumiy ma’naviyat
O‘zbekiston va Misr insoniyat tamadduni o‘choqlari sanaladi. Nil vodiysida shakllangan qadim madaniyat bilan Zarafshon va Amudaryo vohalarida yuzaga kelgan ilmiy-ma’rifiy muhit o‘rtasida tarixiy uyg‘unlik mavjud.
Islom sivilizatsiyasi rivojlangan davrlarda Buxoro, Samarqand, Xorazm yuksak ilm markazlariga aylangan, xuddi shunday Qohira ham nufuzli ilmiy maskan nomini olgan. Al-Azhar masjidi va universiteti asrlar davomida musulmon olamining ma’naviy qutbi bo‘lib kelmoqda.
Tarixiy manbalarda Markaziy Osiyodan chiqqan ko‘plab ulamo va tolibi ilmlar Misrda tahsil olgani, ayrimlari o‘shayurtda faoliyat yuritgani qayd etilgan. Bu holat ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy aloqalar tasodifiy emas, balki chuqur ildizlarga egaligini ko‘rsatadi.
Ta’lim sohasidagi yaqinlashuv
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Misr ilmiy hamkorligi yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, islomshunoslik, arab tili, tarix va madaniyat yo‘nalishlarida almashinuv ko‘lami kengaymoqda. Jumladan, o‘tgan yil 16 aprel kuni O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Al-Azhar universitetida tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashdi. Muloqot davomida mazkur dorilfununda tahsil olayotgan talabalarimiz manfaatini himoya qilish, xususan ularning huquqi va imkoniyatlarini kengaytirish hamda yoshlarimizni yanada jipslashtirish maqsadida O‘zbekistonlik talabalar uyushmasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti Tarix va huquq fakulteti delegatsiyasi Misr Milliy kitoblar va arxivlar uyida bo‘lib, yurtimiz o‘tmishiga oid qo‘lyozmalar bilan tanishdi.
Vatandosh talaba va tadqiqotchilarimiz Qohiradagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgani, tajriba orttirayotgani, misrlik mutaxassislar esa Toshkent va boshqa shaharlarimizda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etayotgani o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Turizm – tarix va madaniyatni bog‘layotgan yo‘l
O‘zbekistonda Misrga qiziqish yil sayin ortmoqda. Ehromlar, Qohira muzeylari, qadimgi ibodatxonalar nafaqat dam olish maskani, balki tarixni his qilish imkoniyati ham. Misrlik sayyohlar uchun esa Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar islom sivilizatsiyasining tirik yodgorliklari hisoblanadi. O‘tgan yil dekabrda Qohira shahrida o‘tkazilgan mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirda ikki mamlakat turizm kompaniyalari vakillari sheriklik aloqalarini yanada kuchaytirish, yangi loyihalar ishlab chiqish hamda muntazam ravishda turlar tashkil etish maqsadida muzokara olib bordilar.
Bir so‘z bilan aytsak, oradagi masofa uzoq bo‘lsa-da, O‘zbekiston va Misrni tarix, madaniyat, ta’lim va boshqa ko‘plab sohalar bilan bog‘liq umumiy qadriyatlar birlashtirib turadi. Ikki xalq orasidagi yaqinlik kelgusida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik yanada chuqurlashishi uchun ishonchli ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Dilshod Hamza o‘g‘li, O‘zA