“Misr bugun” nashri 22 dekabr, yakshanba kuni Toshkent shahrida vazirlar qo‘mitasini chaqirishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston – Misr iqtisodiy, ilmiy va texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma qo‘mitasi yettinchi majlisi doirasidagi ekspertlar yig‘ilishi boshlanganini yozdi. Qayd etilishicha, 15 yildan keyin birinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur tadbir mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Misrning rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri Raniya Mashat rahbarligida o‘tkaziladi.
Anjuman dasturiga ikki davlat yirik tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forum ham kiritilgan.
Hafta davomida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda ishtirok etish uchun yurtimizga ushbu davlatning 30 dan ziyod yirik kompaniyasi rahbarlari yetib kelgan.
– Ushbu sessiya ikki davlat rahbariyatining o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga intilishini ifodalaydi, – deb yozgan nashr. – Ayniqsa Prezident Abdulfattoh As-Sisi 2018 yil sentyabrda O‘zbekistonga tashrif buyurgandan keyin Misrning Markaziy Osiyo mintaqasiga qiziqishi ortdi.
Shuningdek, maqolada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezident Abdulfattoh As-Sisi taklifiga binoan 2023 yil 20-21 fevral kunlari Misrga tashrif buyurgani, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakati tufayli so‘nggi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlangan.
Qo‘shma komissiya yig‘ilishi yakunida vazirlik, idoralar o‘rtasida shartnomalar, kompaniyalar ishtirokida investitsiya va eksport bitimlari imzolanishi kutilyapti.
Muharrama Pirmatova, O‘zA