Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-21 fevral kunlari Misr Arab Respublikasiga qilgan tashrifi hamda tashrif jarayonida o‘tkazilgan uchrashuv va erishilgan ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlari xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda.
Boisi, ushbu tashrif nafaqat chuqur tarixi, boy madaniy meros rishtalari orqali bog‘langan O‘zbekiston va Misr manfaatlari uchun shu bilan birga, ikki muhim mintaqa, bir tomondan Markaziy Osiyo va ikkinchi tomondan G‘arbiy Osiyo-Shimoliy Afrika o‘rtasidagi hamkorlikning faollashuviga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Yangi O‘zbekistonni 2022-2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan taraqqiyot strategiyasi maqsadlarida an’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Yuqoridagi maqsaddan kelib chiqan holda Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolsa-da, so‘nggi ikki yillikda Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha muhim amaliy qadamlar qo‘yilmoqda.
Xususan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilgan tashriflardan so‘ng Misr Arab Respublikasiga qilingan tashrif arab dunyosi bilan aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Sababi har ikki mamlakat ham o‘z mintaqalaridagi yetakchi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga ega bo‘lib borayotgan davlatlardan sanaladi. Bu esa, ularning geosiyosiy ahamiyatini oshirib, transport va tranzit salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu boisdan, tashrif nafaqat mintaqa davlatlari shu bilan birga dunyo davlatlari eskpertlari va tahlilchilari tomonidan ham ijobiy holat sifatida e’tirof etilmoqda.
Umuman olganda, tashrif davomida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda, avvalo ikki mamlakat aholisi turmush farovonligini yuksaltirish, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar - Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.
Davlatimiz rahbari tashrifining birinchi kunida ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi esa, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida yangi sahifa ochib berdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Buning uchun esa barcha kuch va imkoniyatlar yetarlidir. Xususan, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning amalga oshirilmagan ulkan salohiyatlari mavjud. So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 3,2 baravarga, ya’ni 2017 yildagi qariyb 10 million dollardan 2022 yilda 30,5 million dollarga yetgan.
Ishbilarmon doira vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa, umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.
Xususan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarishdan, “Orascom Construction” kompaniyasi esa, O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Xulosa qilib aytganda, tashrif umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari hamda ikki tomonlama munosabatlarni do‘st xalqlarimiz farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bag‘ishlashi bilan yanada ahamiyatlidir.
Oltinoy Mamirova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA