Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Malayziya davlatiga rasmiy tashrifi doirasida bir qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi tarkibida Malayziyaga tashrif buyurgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Malayziya Tibbiy jihozlar agentligi (MDA) direktori bilan uchrashdi.
Unda Farmatsevtika sohasini tartibga solish tizimi, tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, postmarketing nazorati jarayonlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Tibbiy Jihozlar agentligi (Medical Device Authority, MDA) – Malayziya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi muassasa bo‘lib, tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, ularning sifat nazorati va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyat olib boradi.
Uchrashuv davomida tibbiy jihozlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Malayziyaning eng yirik farmatsevtika kompaniyasi “Duopharma” o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kompaniya vakillari O‘zbekiston farmatsevtika bozori, investitsiya imtiyozlari, import statistikasi, eksport salohiyati hamda boshqa tegishli masalalar bo‘yicha qiziqish bildirdi. Agentlik direktori, barcha masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berib, yangi investitsion loyihalar ustida hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida shartnomaviy ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, “Duopharma” kompaniyasi yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, uning mahsulotlari Halol sertifikatiga ega va xalqaro bozorlar, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharqda keng tarqalgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA