Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Malayziyada bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif mamlakatimizning Malayziya bilan hamkorlik aloqalari yanada kengayishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departamenti mudiri Komil Eshpo‘latov Malayziya bilan kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik samaralari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Globallashuv jarayoni davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirdi. Zotan, mamlakat rivoji bir qancha omillar qatorida diplomatik aloqalar va xorijiy hamkorlikka ham bog‘liq. Shu boisdan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 92 - maqsadida an’anaviy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish vazifasi qo‘yilgan. O‘zbekistonning ana shunday ishonchli hamkor davlatlaridan biri – Malayziya.
Malayziya O‘zbekistonning mustaqilligini 1992 yilda birinchilardan bo‘lib tan olgan. Mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga yaqinda 33 yil to‘ladi. Garchi, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi masofa 5 ming km.dan ziyod bo‘lsa-da, bu geografik olislik O‘zbekiston va Malayziyaning o‘zaro manfaatli hamkorligiga to‘siq bo‘la olmadi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev bu mamlakatning salohiyatiga quyidagicha baho beradi: “Malayziya nafaqat Janubi - Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat, bizning vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli hamkorimizdir. Har ikki mamlakatda milliy mustaqillik bayrami bir sanada – 31 avgust kuni nishonlanishi ham ramziy ma’noga ega”.
Darhaqiqat, Jahon bankining Doing Business (biznes yuritish osonligi bo‘yicha) reytingida Malayziya Norvegiya, Shvetsiya, Litvadan keyingi 12 - o‘rinni egallaydi. Bu mamlakat hukumati dunyodagi eng innovatsion hukumatlar “Top-20”ligiga kiradi.
Umumiy din, sharqona qadriyatlar, mushtarak urf-odatlar O‘zbekiston va Malayziya xalqlarini yaqinlashtiruvchi ma’naviy poydevor vazifasini o‘taydi. Hatto, ikki mamlakatning strategik hujjatlarida ham o‘xshashlik bor: “O‘zbekiston – 2030” va “Malayziya Madani” strategiyalari jadal rivojlanish va modernizatsiyaga yo‘naltirilgan.
2024 yil 17-19 may kunlari O‘zbekiston - Malayziya munosabatlari tarixining yangi sahifasi ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
So‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi. Tashrif kun tartibidan o‘rin olgan masalalarning soni ham ko‘p, salmog‘i ham katta bo‘ldi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, innovatsiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya qilish bilan bir qatorda madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, ta’lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish borasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ko‘rinib turibdiki, Malayziya bilan O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar bor. Ana shunday hamkorlik yo‘nalishlaridan biri – davlat xizmati tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq. Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy Harakatlar rejasi ishlab chiqilgan. Shu rejaning 28 - bandida Malayziya Texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida aloqalarni jadallashtirish vazifasi belgilangan.
Malayziya Texnik hamkorlik dasturi 1980 yilda Malayziyaning boshqa mamlakatlar bilan hamkorligiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan.
Bu dastur doirasida Malayziya rivojiga doir ilg‘or tajriba almashish hamda mamlakatlar rivoji uchun muhim sohalarda ta’lim va maslahatlar olish imkoniyati yaratiladi. Malayziya Texnik hamkorlik dasturining bosh tamoyili – mamlakatning ravnaqi uning inson kapitali va inson resurslari sifatiga bog‘liq. Shu boisdan, MTCP dasturi doirasida ta’lim orqali inson resurslarini rivojlantirishga urg‘u beriladi. Bu dastur doirasida tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslarida O‘zbekistondagi vazirlik va tashkilotlar vakillari ham ishtirok etib kelmoqda.
MTCP doirasida aloqalarni jadallashtirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston uchun dolzarb o‘quv yo‘nalishlari ro‘yxati shakllantirildi. Bunda, Malayziya universitetlari tomonidan turli yo‘nalishlarda taklif qilinayotgan dasturlar tahlil qilindi va takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekiston davlat xizmatchilari uchun energetika, islom moliyasi, “halol” sanoati, ekologiya, turizm, kreativ iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va inson resurslarini boshqarish kabi sohalarda trening o‘tkazishga ehtiyoj mavjudligi haqida mutasaddilarga ma’lumot berildi. Bunday yondashuv o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari uchun Malayziyada stajirovka va trening dasturlarini maqsadli tashkil qilish hamda yuqori sifatli ta’lim olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Agentlik hamda Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Davlat xizmati departamenti (DXD) bilan hamkorlik o‘rnatish borasida ish olib borilmoqda. Shu maqsadda Agentlik tomonidan ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Ahdlashuv deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi va Malayziya tomoniga taqdim etildi. Ushbu hujjatning imzolanishi davlat fuqarolik xizmati sohasini isloh qilish va rivojlantirish borasida ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, muvaffaqiyatli tajribalarni o‘rganish, o‘zaro tashriflar va qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar uyushtirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Malayziya Davlat xizmati departamenti bilan bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Bular – davlat xizmati transformatsiyasi; davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish masalalari; davlat xizmatida assessment markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va takomillashtirish imkoniyatlari; davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash muammolari; davlat xizmatiga yosh iqtidorlarni jalb qilish va saralab olish tajribasi.
Yuqoridagi dolzarb yo‘nalishlarga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Malayziya Davlat xizmati departamenti vakillarining o‘zaro tashrif dasturlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Ayni paytda O‘zbekistonda ham Malayziya uchun foydali bo‘ladigan tajriba va mexanizmlar mavjud. Masalan, O‘zbekiston davlat fuqarolik xizmati tizimida joriy etilgan raqamli tizimlarni olaylik. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda davlat fuqarolik xizmatida inson resurslarini boshqarishning elektron tizimi (hrm.argos.uz), davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati samaradorligini baholash (samaradorlik.uz) tizimi hamda ularning mobil ilovalari (myargos.uz) ishlab chiqilgan. Mazkur raqamli mahsulotlar ma’muriy hamda moliyaviy resurslarni tejashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, 2025 yil iyunda Samarqand shahrida BMT Davlat xizmati forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Malayziya Davlat xizmati departamenti vakillarining mazkur xalqaro forumda ishtiroki ushbu anjumanning saviyasini yanada oshiradi. Davlat xizmatini rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlar bilan Malayziya tomonini xabardor etish kelgusida hamkorlik istiqbollarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Umuman, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Davlat xizmati departamenti o‘rtasidagi qalin munosabatlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona, keng qamrovli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka yangi mazmun bag‘ishlashiga ishonchimiz komil.
O‘zA muxbiri
N.Abduraimova
yozib oldi.