Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Latviya transport sohasidagi hamkorlik kuchaytiriladi
18:25 / 2025-10-05

Transport vaziri Ilhom Maxkamov mamlakatimizga tashrif buyurgan Latviya transport vaziri Attis Shvinka boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Latviya temir yo‘llari, Riga, Liyepaya va Ventspils portlari rahbarlari ham ishtirok etdilar. Suhbat chog‘ida tomonlar temir yo‘l, avtomobil tashuvlari, havo aloqasi hamda port xizmatlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va yangi istiqbollarni muhokama qildilar.

Tomonlar bugungi kunda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida transport sohasidagi strategik hamkorlik va o‘zaro aloqalarning ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Attis Shvinka o‘zining Latviya transport vaziri sifatida tayinlanganidan so‘ng O‘zbekistonga ilk tashrifini amalga oshirayotganini bildirib, safarning asosiy maqsadi — ikki davlat o‘rtasida transport sohasidagi munosabatlarning keyingi bosqichlarini belgilash ekanini ta’kidladi.

Latviya tomoni aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish, yuk tashish hajmini oshirish hamda elektron tijoratni rivojlantirish borasida qiziqish bildirdi.

O‘zbekiston tomoni esa raqamli transport hujjatlariga o‘tish, avtomobil orqali yuk tashish uchun ruxsatnoma blankalari sonini ko‘paytirish, shuningdek, tranzit tashuvlari uchun ruxsatnomasiz tizimni joriy etish masalalarini ko‘tardi.

Transport vaziri Ilhom Maxkamov Sharq–G‘arb va janubiy yo‘nalishdagi xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek,  ushbu yo‘laklar salohiyatini oshirishda hamkorlik masalalarini o‘rtaga tashladi.

Sh. Mamaturopova, O‘zA