O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlarning birinchi yig‘ilishi onlayn formatda o‘tkazildi.
O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlanib borayotgani ta’kidlanib, ular mustahkam tarixiy asoslarga ega ekani hamda o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya, eksport, turizm, madaniyat, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, migratsiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi munosabatlarni kengaytirish muhokama qilindi.
Parlament a’zolari O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi munosabatlarni savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirishga e’tibor qaratdi.
Ko‘pqirrali hamkorlikni, xususan, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi aloqalar, iqtisodiy va investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, birodarlik aloqalarini o‘rnatishda parlamentlar ishtirokini kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida qo‘shma tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida parlamentlararo muloqotni faollashtirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA