Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Latviya raqamli texnologiyalar sohasida tajriba almashadi
17:03 / 2025-09-11

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Latviyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Yaunzems Girts bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, xususan, yoshlarni yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ular uchun masofaviy ish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan so‘z yuritildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan talab yil sayin oshib borayotgani, ayniqsa, ingliz, yapon, koreys va boshqa tillarga qiziqish kuchayayotgani qayd etildi. Bu jarayon IT sohasi va raqamli iqtisodiyotda hamkorlik uchun muhim omil ekani ta’kidlandi.

Sherzod Shermatov uchrashuvda Latviya kompaniyalarini O‘zbekistonga keng jalb etish, ularni IT Park rezidentligiga aylantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Shuningdek, IT Parkda yaratilgan imkoniyatlar, rezidentlar uchun berilayotgan soliq imtiyozlari va qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda startap ekotizimini rivojlantirish masalalari ham ko‘tarildi. Xususan, Latviya bilan hamkorlikda startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularga investitsiya kiritish va birgalikda innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida, elchi Yaunzems Girts mavjud hamkorlik yo‘nalishlari va ularni yanada rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini bildirdi. Shu bilan birga, u Latviya kompaniyalari joriy yilning 23-26 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “ICTWeek Uzbekistan 2025” AKT haftaligida ishtirok etishini ma’lum qildi.

Uchrashuv doirasida shuningdek, kiberxavfsizlik, raqamli hamkorlik va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish sohalarida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA