29 may kuni Toshkentda materialshunoslik sohasida muhim tarixiy qadam qo‘yildi — Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti va Koreya sanoat texnologiyalari instituti tarkibidagi Koreya Milliy nodir metallar instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu yuzasidan FA Axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi strategik ilmiy-texnik hamkorligining boshlanishiga qo‘yilgan asosdir.
Eng muhimi, bu kelishuv yuqori texnologik materiallar, nodir metallar, ekologik toza va barqaror bo‘lgan ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Bugun Koreya Milliy nodir metallar instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memoraundumni imzoladik. Memoraundumimizning asosiy maqsadi — bugungi kunda nafaqat bizning davlatimizda, balki, butun dunyoda taqchilligi sezilayotgan energiya manbalari, texnologiyalari va materiallar yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish edi. Shunga ko‘ra, bugungi hamkorligimiz asosan birinchi navbatda — nodir metallar, ulardan to‘g‘ri foydalanish, uning sintezi bilan shug‘ullanishga qaratiladi” deydi, Materialshunoslik instituti direktori – Odilxo‘ja Parpiyev. – “Koreyalik hamkorlarimizning asosiy qiziqishi esa — O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan sharoit, ya’ni quyosh energiyasidan foydalangan holda ham materiallarning sintezi, shu bilan birga ishlab chiqarishini ham tashkil qilish bo‘lmoqda.
Chunki boshqa texnologiyaga qaraganda bu yerda sof energiya sarflanadi. Qolaversa, quyosh energiyasidan foydalanib, olingan materiallar sofligi ham bilan ajralib turadi. Bu kabi materiallar asosan aerokosmosda, rabototexnikada, elektronikada xullas yuqori texnologik ishlab chiqarishda foydalaniladi”.
“Yana bir qiziqish bu — aqlli materiallar yo‘nalishi. Bilamiz, bugungi kunda butun dunyoda aqlli materiallarga bo‘lgan e’tibor juda ham katta. O‘zbekistonda ham bunaqa noyob imkoniyat bor, ya’ni quyosh energiyasidan foydalangan holda shunaqa materiallarni ishlab chiqarish mumkin va agar bu materiallarga qandaydir ta’sir o‘tkazsangiz, o‘z xususiyatini o‘zgartirishi, o‘ta mustahkam bo‘lishi, o‘tkazuvchanlik xususuiyatlari paydo bo‘lishi yoki ko‘plab qanaqadir xususiyatlarni berishi mumkin.
Bu kabi materiallardan bugungi kunda yuqori texnologik ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Masalan, elektr energiyasi yo‘nalishini olaylik, bugungi kunda gidroenergetika bor, ko‘plab ishlab chiqarish quvvatlari bor... ko‘plab kuch va mablag‘ sarflanadi, ammo ishlab chiqariladigan energiya to iste’molchiga yetib borgunga qadar 20-30 % yo‘qotish yuz beradi. Tasavvur qiling, shu yo‘qotish bo‘lmaydigan bo‘lsa, bu — energetika sohasida juda ham katta sakrash bo‘ladi”.
Ushbu imzolangan memoraundumda ayniqsa, O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Yashil texnologiyalar vodiy – barqaror texnologiyalar va aqlli materiallar bo‘yicha xalqaro ilmiy hab” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash alohida qayd etildi.
Bu tashabbus Koreya Milliy nodir metallar institutining global strategiyasi bilan to‘la mos kelishi bilan e’tiborlidir.
Shunday qilib, tomonlar muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Ya’ni, nodir metallar, aqlli materiallar va ekologik texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, o‘zaro olimlar, muhandislar va mutaxassislar almashish, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va ilmiy maktablar tashkil etish, ilmiy ma’lumotlar, laboratoriya infratuzilmasi va nashrlar bilan o‘rtoqlashish kabi hamkorliklar shular jumlasidandir.
Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish strategiyalarini ishlab chiqish, ta’lim va stajirovka dasturlarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
“Biz besh yillik ODA dasturini amalga oshirishning yakuniy bosqichiga yaqinlashyapmiz. Ayni paytda ushbu loyiha doirasidagi uchinchi yil davom etmoqda va deyarli barcha uskunalar tez orada Chirchiqda joylashgan Toshkent Mexanika Qurilish institutida o‘rnatiladi. Bu esa O‘zbekiston bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlarning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash uchun qulay sharoit yaratadi. Aynan shu — mening O‘zbekistonga tashrifimning asosiy maqsadi hisoblanadi” deydi, Koreya Milliy nodir metallar instituti direktori – Kyoung-Tae Park. – Bundan tashqari, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida biz sanoat uchun amaliy ahamiyatga ega texnologik yechimlarni ishlab chiqishni ko‘ramiz. Xususan, men mis eritish jarayonining yon mahsuloti bo‘lgan — tarkibida ruteniy, platina va selen kabi noyob va qimmatli elementlar mavjud bo‘lgan shlam (Olmaliq KMKning texnik chiqindilari)ni qayta ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildim. Biz ushbu metallarni ajratib olish va ularni chuqur qayta ishlash salohiyatini tahlil qilyapmiz. Bunday materiallar Koreya sanoatida keng qo‘llaniladi, ammo hozirda ular to‘liq import qilinadi. Ularni mahalliy sharoitda qayta ishlash yo‘lga qo‘yilsa, bu bizning biznes modelimizni kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi”.
“Shu bilan birgalikda, Parkentdagi Katta quyosh pechi energetik quvvatlaridan foydalanish salohiyatini ham yuqori baholaymiz. Bugungi muhokamalarda bu ekologik toza, chiqindisiz texnologiyani qo‘llash istiqbollari menga katta taassurot qoldirdi. Koreyaga qaytgach, ushbu tashabbusni albatta, batafsil tahlil qilaman. Ishonchim komilki, bu yo‘nalish xomashyo qayta ishlash va quyosh energiyasi asosida qotishmalar ishlab chiqarish sohasida istiqbolli hamkorlikning poydevori bo‘lishi mumkin”.
Memorandum 3 yil amal qiladi, lekin ikki tomonlama kelishuv asosida uni uzaytirish ham mumkin. Shu bilan birgalikda, unda intellektual mulk bo‘yicha hammualliflik, moliyalashtirish mexanizmlari va loyihalarning samaradorligini baholash mezonlari ham belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda mazkur kelishuv nafaqat yangi ilmiy yutuqlarga eshik ochadi, balki O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi ishonchli sheriklikni yanada mustahkamlab beradi. Qolaversa, hamkorlik kelajakda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy kadrlar salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA