Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Koreya pedagogik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqmoqda
09:39 / 2026-02-10

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida “Ko‘p madaniyatli va xalqaro hamkorlik forumi: Global va ko‘p madaniyatli jamiyatda Koreya–O‘zbekiston ta’lim tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Koreya Respublikasi va O‘zbekistonning pedagog kadrlar tayyorlashda yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirish, pedagog kadrlarni tayyorlash va koreys tili ta’limi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Forumda global va ko‘p madaniyatli jamiyat sharoitida ta’lim tizimining rivoji, o‘qituvchilarni tayyorlash jarayonidagi zamonaviy yondashuvlar, o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda koreys tili ta’limining istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbirni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev, universitet rektori Zafar Raxmanov hamda Cheongju Milliy ta’lim universiteti vakili Park Yun Geong kirish so‘zi bilan ochib berdi. Uchrashuv davomida ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, pedagog kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda ta’lim mazmunini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Cheongju ta’lim universiteti, Koreya ta’lim markazi, Toshkent Buchon universiteti va “Visang Education” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston ta’lim tizimiga qaratilgan e’tibor va sohada olib borilayotgan islohotlar bilan tanishib, koreys tili ta’limining asosiy yo‘nalishlari universitet bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdi.

Forum sessiyalarda davom etib, Koreya Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlarini yuritish, iqtidorli bolalar ta’limi va pedagog kadrlarni tayyorlash mexanizmlari bo‘yicha tajriba almashildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, raqamli vositalarning ta’lim sifatini oshirishdagi o‘rni, O‘zbekistonda koreys tili ta’limining istiqbollari va global kompetensiyalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Forum yakunida universitet va Visang Education kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellektga asoslangan ta’lim sohasida raqamli transformatsiya va innovatsiyalarni joriy etish, koreys tilini o‘qitishni kengaytirish hamda ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Shunga muvofiq, “AllviA Connect Learning” platformasi ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026 yilda Koreys tili va adabiyoti kafedrasida tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi, dastlabki bosqichda platforma cheklangan miqdordagi talabalar ishtirokida sinovdan o‘tkaziladi, natijalarga ko‘ra loyiha kengaytiriladi.

Rejaga muvofiq, 2027–2029 yillarda platformani boshqa pedagogika oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etish orqali pedagog kadrlar tayyorlash tizimi jadallashtiriladi va koreys tili o‘qitish sifatini oshirish ko‘zda tutilgan. 2030 yildan boshlab esa sun’iy intellektga asoslangan to‘liq ta’lim ekotizimi yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hamkorlik doirasida ta’limga ixtisoslashgan kichik til modellari (sLLM) va boshqa zamonaviy texnologiyalarni tadqiq qilish hamda ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratiladi. Keyinchalik KOICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda koreys va chet tillari ta’limi uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Mazkur xalqaro forum Koreya va O‘zbekiston ta’lim tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlash hamda global va ko‘p madaniyatli jamiyatda ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Hozirda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida koreys tili adabiyoti ta’lim yo‘nalishlarida bakalavr va magistrlar tayyorlanadi. Yaqinda universitet delegatsiyasi Koreya Respublikasida Dankook universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan kelishuvlarga erishdi. Shunga ko‘ra, talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, professor-o‘qituvchilar malaka oshiradi va qo‘shma o‘quv dasturlarida ishtirok etadi.

O‘zA