Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Koreya parlamentlararo munosabatlari yanada rivojlanadi
10:17 / 2025-12-17

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan holda izchil rivojlanib borayotgani, oliy darajadagi muloqotlar faollashib, qo‘shma loyihalar va tashabbuslar orqali o‘zaro manfaatli aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.

O‘z navbatida, U Von Shik so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy-siyosiy jihatdan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotganini e’tirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarni yuqori baholadi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonni doimo ishonchli do‘st va strategik hamkor, deb bilishini qayd etdi.  

Uchrashuvda O‘zbekiston — Koreya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari ham muhokama qilindi. “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikning doimiy mexanizmiga aylangani, ushbu format parlamentlararo muloqot uchun barqaror va samarali maydon sifatida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va tajriba almashishga yordam berishi urg‘ulandi.

Muloqot davomida shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish, qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi muntazam almashuv amaliyotini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

M.Komilova,

O‘zA