Yurtimizga tashrif buyurgan “Koreya – O‘zbekiston” Parlamentlararo do‘stlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Senatida bo‘ldi.
Yuqori palata raisi Tanzila Norboyeva bilan kechgan uchrashuvda hamkorlikni mustahkamlash, parlamentlararo “do‘stlik guruhlari” ikkinchi qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Sheriklikning bugungi holati va istiqboli muhokama etildi.
O‘zaro aloqani rivojlantirish yo‘lida salmoqli natijaga erishilgani qayd etildi. Jumladan, parlamentlararo aloqa, hukumat, vazirlik va idoralar delegatsiyalari almashinuvi faollashdi. Tashqi siyosat idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv mexanizmi samarali ishlamoqda.
[gallery-8130]
O‘zbekiston va Janubiy Koreya savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, ta’lim sohalarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Savdo yo‘nalishida yaratilgan qulaylik samarasi o‘laroq, tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshgan. Umumiy qiymati 5 milliard dollarga teng 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish chorasi ko‘rilmoqda.
Koreya Respublikasi bilan sog‘liqni saqlash sohasida, jumladan, kasallikning oldini olish va xastalikka qarshi kurashish bo‘yicha ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ikki davlat o‘rtasida ta’lim yo‘nalishidagi aloqa yildan yilga mustahkamlanmoqda. Ayni payt mamlakatimizda Koreya Respublikasining 5 oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyat yuritmoqda.
Tadbirda barcha sohalarda yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, birgalikda yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi har ikki mamlakat manfaatiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muloqot davomida Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasi oldiga qo‘yilgan vazifalar yuzasidan, jumladan, qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, investitsiyaviy loyihalar samaradorligini o‘rganish bo‘yicha fikr almashildi.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA