Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida muhim shartnomalar imzolandi
20:18 / 2021-01-29

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Koreya Respublikasi Prezidenti o‘rtasida bo‘lib o‘tgan onlayn sammit doirasida kelgusidagi investitsiya, savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy jihatlarini belgilab beruvchi hukumatlararo va idoralararo darajadagi bir qator bitimlar imzolandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF) bilan hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha imzolangan doiraviy bitim doirasida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, ta’lim va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida jami 1 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan imtiyozli moliyalashtirish dasturi asosida imzolangan kredit shartnomasi orqali ajratiladigan 164 million dollar mablag‘dan Toshkent shahrida kattalar uchun Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Ilmiy-tadqiqot va loyihaviy institut - Kimyoviy texnologiyalar markazi tashkil etish loyihasini amalga oshirish uchun foydalaniladi.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishi “yurak-qon tomir jarrohligi”, “angionevrologiya”, “neyroonkologiya mavjud bo‘lgan miya va umurtqaning minimal invaziv jarrohligi”, “onkoginekologiya” va “rekonstruktiv ortopediya” yo‘nalishlarida ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, Markazda 300 o‘ringa ega yuqori texnologiyali jarrohlik majmuasi barpo etiladi. Yuqori texnologiyali uskunalar yordamida yiliga kamida 8,5 ming jarrohlik amaliyoti bajarish imkoni yaratiladigan ushbu majmuada 760 ta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Kimyo texnologiyalari markazi barpo etilishi yuqori texnologiyali ilmiy-tadqiqot majmuasi tashkil etishni ko‘zda tutadi. Ayni jarayonda asosiy vazifa mamlakatimiz kimyo sanoati salohiyatini oshirish maqsadida mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi. Mazkur loyiha yurtimiz kimyo sanoati korxonalarida chuqur qayta ishlashning innovatsion usullarini keng joriy qilishni hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Buning natijasida qo‘shimcha 130 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi o‘rtasida “To‘rtinchi sanoat inqilobiga ko‘maklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Memorandum” imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda “aqlli” innovatsiya fabrikalari, “aqlli” fermer xo‘jaliklar va “aqlli” shaharlarni yaratish, raqamli sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish va inson resurslarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

O‘zA