Farg‘ona shahridagi viloyat teatr-konsert saroyida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda koreys millati vakillari O‘zbekistonga joylashganligining 85 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.


Koreya Respublikasi Inchxon metropoliya-shahri hokimining barqaror rivojlanish hamda siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Xen Suk Li boshchiligidagi delegatsiya bilan birga Farg‘onaga tashrif buyurgan "Korean Pops Orchestra" jamoasi farg‘onaliklar uchun katta konsert dasturini namoyish etdi.


Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Koreya Osiyo-Tinch okeani mintaqasida O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat ekaniga e’tibor qaratib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning sa’y-harakatlari bilan hamkorlik aloqalari so‘nggi davrda yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Koreyaning "Korean Pops Orchestra" jamoasi ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar nafaqat yig‘ilganlar, viloyatda yashayotgan 5 ming 600 nafardan ziyod koreys millatiga mansub fuqarolarni ham xursand qildi. O‘zbek estradasining yosh yorqin yulduzlari – Kamron Mamadaliyev, Noila Habibullayeva va Shahnoza Yoqubjonova ijrosidagi “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston” qo‘shig‘i bugungi O‘zbekiston-Koreya madaniyati bayramiga alohida zeb berdi.
M.Sulaymonov, O‘zA