So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ta’lim tizimida ham hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham Koreya Respublikasining bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan keng qamrovli hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Yaqinda universitet mutasaddilari Koreya Respublikasiga rasmiy safarda bo‘lib, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan bir qator shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ldi.
Xususan, Kyungdong universiteti bilan hozirda amalda bo‘lgan Koreyashunoslik yo‘nalishidagi 2+2 qo‘shma dasturini yanada kengaytirish, dastur doirasida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab koreys tili bilan bir qatorda, Koreya iqtisodiyoti va turizmi yo‘nalishlari bo‘yicha ham 1+3 qo‘shma dasturini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyevaga Kyungdong universiteti faxriy professori unvoni berildi.
Shuningdek, Koreyashunoslik tadqiqotlari akademiyasi mutasaddilari bilan bo‘lgan uchrashuvda universitet huzurida Koreya tadqiqotlari ilmiy-ta’lim markazini ochish to‘g‘risida muzokaralar olib borildi.
Bu kabi hamkorlik loyihalari ko‘lamini kengaytirish ikki davlat o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi barqaror, ishonchga asoslangan rishtalarning yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA