Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Janubiy Koreya ko‘p qirrali sheriklikni davom ettiradi
16:19 / 2021-01-25

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Xon Nam Ki bilan videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazdi.

Muhokama kun tartibiga oliy darajadagi tashriflar yakuni bo‘yicha erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar asosida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va moliya-iqtisodiy hamkorlikning joriy masalalari va istiqboli, shuningdek, 2020 yilda o‘tkazilgan qo‘shma tadbirlar natijalari kiritildi. Janubiy Koreya uchun ushbu muzokara hukumat darajasida yil boshidan buyon tashkil etilgan ilk shunday tadbirdir.

Koreya tomoni investitsiya sohasida mavjud barcha kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga sodiqligini bildirdi. Ayni paytda energetika, neft-gaz sektori, kimyo, elektrotexnika va farmatsevtika sanoati, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida yangi investitsiya loyihalari to‘plami shakllangani ta’kidlandi. Ushbu loyihalar bo‘yicha aniq tashabbuskorlar, moliyalashtirish manbalari va loyihalarni ruyobga chiqarish muddatlari aniqlab bo‘lingan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini barpo etish, ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazi, ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti – Kimyo texnologiyalari markazini yaratish, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Muborak IEMni modernizatsiya qilish va qayta tiklashdan iborat qo‘shma va boshqa bir qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmi ko‘rib chiqildi.

Alohida tartibda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi (EDCF) O‘zbekiston bilan umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan yangi dasturga muvofiq hamkorlik qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Dastur doirasida ustuvor loyihalar belgilab olingan. Janubiy Koreya tomoni yaqin kelajakda rejalarni amalga oshirish uchun kelishish jarayonini tezlashtirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Savdo to‘siqlarini olib tashlash hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tovarlarining ikki mamlakat bozoriga chiqishiga ko‘maklashishga qaratilgan samarali chora-tadbirlar orqali o‘zaro savdo aylanmasini oshirish istiqbolini muhokama qilindi. Har ikki taraf o‘zaro savdoni diversifikatsiya qilish va munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha qo‘shma amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bayon qildilar.

Tomonlar keng ko‘lamli sohalarda hamkorlikning asosiy shart va tamoyillariga e’tibor qaratdilar. Jumladan, O‘zbekiston va Koreyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ikki mamlakat bozoriga kirishini ta’minlash, o‘zaro savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish mexanizmi, Koreya tomonining O‘zbekistonni jadal sanoatlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va turli sohalarda ilg‘or Koreya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amaliy yordamning aniq choralarini o‘z ichiga oladigan barqaror savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risida bitimni tuzish masalasida muzokara jarayonini boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, kun tartibida moliya-texnik sohasidagi hamkorlik masalasi ko‘rib chiqildi – Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning grant mablag‘ini jalb etgan holda yangi loyihalar amalga oshirish bo‘yicha takliflar o‘rganib chiqildi. Takliflarni kelishish, tasdiqlash va hayotga tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi.

Janubiy Koreya koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘mak ko‘rsatishda davom etishi ma’lum qilindi. Jumladan, 25 yanvar kuni Koreya hukumati O‘zbekistonda “COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish” dasturini amalga oshirish uchun qo‘shimcha grant ajratishga qaror qildi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va O‘zbekistonda sanoatni raqamlashtirish borasida Janubiy Koreya tajribasini joriy etish muzokaraning muhim qismi bo‘ldi. Yaqin kelajakda innovatsion tarmoqlar, fermer xo‘jaliklari, “aqlli” shaharlar, raqamli sog‘liqni saqlash xizmatlarini joriy etish va inson resurslarini rivojlantirishni qamrab olgan raqamlashtirish sohasida hamkorlik Memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga, jumladan, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti ekspertlarini jalb etish amaliyotini kengaytirishga kelishib olishdi. Ekspertlar O‘zbekiston davlat xizmatchilari uchun treninglar o‘tkazishni boshlab yuborgan.

Videokonferensiya yakunida belgilangan loyiha va tashabbuslar doirasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Barcha sohalardagi ishlar tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ikki mamlakat ekspertlari darajasida videokonferensiya shaklida faol davom ettiriladi.

 

Manba: Investitsiyalar va tashqi savdo  

vazirligi rasmiy sayti