"O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi Bahodirjon Siddiqov va Janubiy Afrikaning "Sasol" kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti doktor Sarushen Pillay boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar hamkorligi xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, "Sasol" kompaniyasi "Uzbekistan GTL" loyihasining asosiy litsenziarlaridan biri hisoblanadi. Mazkur hamkorlik doirasida sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi to‘liq loyihaviy quvvatga chiqarildi.

"Uzbekistan GTL" zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishgan "Sasol" kompaniyasi delegatsiyasi mazkur zavod bugungi kunda to‘liq quvvat bilan ishlayotgani va yuqori samaradorlikka erishilayotganiga alohida urg‘u berdi. Mehmonlar davlat tomonidan o‘z vaqtida berilgan qo‘llab-quvvatlash tufayli "O‘zbekneftgaz" AJ ilk bor mamlakat tarixida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lganini e’tirof etdi.
"Sasol" kompaniyasi loyihaning asosiy litsenziari sifatida Jamiyatni har tomonlama texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur katalizatorlarni uzoq muddatli yetkazib berishga tayyorligini bildirdi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, g‘oyadan to amaliy ijrogacha bo‘lgan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida qayd etilganidek, tomonlar barqaror aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytiradi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA