Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va jahon hamjamiyati: tashabuskor diplomatiya, o‘zaro hamkorlikning keng qamrovi
07:26 / 2026-01-19

2025 yil global siyosiy jarayon jadallashgan, xalqaro munosabatlarda yangi yondashuvlar shakllanayotgan davr sifatida namoyon bo‘ldi. Shunday murakkab geosiyosiy sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosati tashabuskorlik, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyili asosida izchil rivojlanmoqda. Mamlakat xalqaro maydonda faol sub’ekt sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, mintaqaviy va global barqarorlikka qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Ekspert Sayfiddin Jo‘rayev davlatimiz tashqi siyosatida kuzatilayotgan yangi diplomatik yo‘nalishlar, xalqaro hamkorlikning kengayib borayotgan qamrovi hamda jahon hamjamiyati bilan o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar atroflicha tahlil qilinadi.

Ma’lumki, keyingi yillarda xalqaro siyosatda chuqur, tizimli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, rivojlangan davlatlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy, savdo, investitsiyaviy va harbiy-texnologik raqobat kuchayishi ortidan geosiyosiy ziddiyatlar o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘lmoqda.

Binobarin, rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning zamonaviy modellari shakllanib, rivojlangan mamlakatlar bilan munosabat ham yangicha mazmun kasb etmoqda. Natijada G‘arb va Sharqning an’anaviy munosabatlari tizimida sifat jihatidan yangilanish yuz berib, Sharqda vujudga kelayotgan yangi kuch markazlari xalqaro munosabatlarni harakatlantiruvchi muhim omillarga aylanmoqda. Bu jarayon jahon tartibida yangi qonuniyat va qoidalarni belgilash bilan birga, global miqyosda raqobat ko‘lami kengayishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, ko‘p yo‘nalishli, ko‘p qirrali tashqi siyosat tufayli O‘zbekistonning tizim tashkil etuvchi sifatidagi mavqei mustahkamlanib, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Davomiylik, muntazamlik kasb etgan bu jarayon ikki va ko‘p tomonlama aloqalar, hamkor davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va muloqotga asoslangan muzokaralar, ma’naviy samimiylik, strategik sheriklikni kengaytiruvchi va mustahkamlovchi yangi yo‘nalishlar ko‘rinishida namoyon bo‘lyapti. Telefon diplomatiyasi, ikki tomonlama siyosiy-diplomatik muloqot, parlament, iqtisodiy va hududlararo diplomatiya kabi yangi tendensiyalar geografiyasi kengayib borishi kuzatilmoqda.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda”. Bugungi kunda bu jarayonning rivojlanish tendensiyasini, zarur shart-sharoit va omillarni aniqlash, rivojlanish strategiyasi mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish ham amaliy, ham tahliliy, ham nazariy-siyosiy ahamiyatga ega vazifa sifatida kun tartibiga chiqmoqda.

Tashabbuskor diplomatiya – tub burilish nuqtasi

O‘zbekiston tashqi siyosati va diplomatiyasi amaliyoti, davlatimiz rahbarining bu boradagi tashabbuskor, faol hatti-harakatlari, shuningdek xalqaro miqyosda sodir bo‘lgan, davom etayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hodisa va jarayonlar kuzatuvi, tahlili, mavjud ma’lumotlar, ekspertlar va mutaxassislarning qarashlari, fikrlari, konseptual takliflari shuni tasdiqlaydiki, dunyoda o‘ziga xos tanglik, strategik ziddiyatlar chuqurlashib borayotgan bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan muammolarni yechish uchun imkoniyat, shart-sharoit vujudga kelyapti. Shubhasiz, o‘tgan yil siyosiy voqeligida O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar – Rossiya, Xitoy va AQSH bilan o‘zaro manfaatli siyosiy-diplomatik aloqalarining barqarorligi, xalqchilligi, ma’naviyligi, tizimliligi, muntazamligi va istiqbolga qaratilgani sezilarli darajada namoyon bo‘ldi.

Prezidentimizning yangi davr muammolari, qoidalarini strategik mushohada qilishi, anglashi barcha sohalardagi tizimli islohotlarga ko‘chib, natijalar uyg‘unlashmoqda. Zotan, davlatimiz yetakchisi xalqaro siyosatning buguni va ertasi bo‘yicha o‘ziga xos modelga asoslangan strategik tashabbuslarni xalqaro miqyosda ilgari surmoqda. Aslida, bu tashabbuslar zamirida mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlash, dunyoda kechayotgan jarayonlarda O‘zbekiston manfaatini himoya qilish va ta’minlashga qaratilgan, tenglar ichida teng bo‘lish orqali xalqimiz farovonligini ta’minlash maqsadi yotibdi.

Ushbu jarayonni, ayniqsa, davlat rahbari g‘oyalari va tashabbuslarini siyosiy tahlil etish va mohiyatini ochib berish, ya’ni bu g‘oyalar qanday sharoitda shakllantirildi, qanday kechyapti va qanday natijalar berdi, kelajakda qanday o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligidan kelib chiqib, ilmiy-tahliliy, konseptual mulohazalarni shakllantirish va keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Gap shundaki, davlatimiz ichki va tashqi siyosat samarasi o‘laroq, bugungi kunda xalqaro siyosat sub’ektiga aylangani beqiyos ahamiyatga ega. Bunday iftixor har bir fuqarodan raqobatbardosh siyosiy madaniyat, tahliliy ko‘nikma, yuksak darajadagi vatanparvarlikni, barcha sohalarda faol va mas’uliyatli bo‘lishni taqozo qiladi.

Muntazam muloqot – muvaffaqiyat garovi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 6 noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda, shuningdek, 23 sentyabr kuni BMT Bosh qarorgohida tashkilot Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi doirasida Prezident Donald Tramp bilan ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda muzokaralar olib bordi. Muloqotlar davomida O‘zbekiston –  AQSH strategik sherikligini yanada kengaytirishga doir ustuvor yo‘nalishlar batafsil muhokama qilindi.

Mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, o‘zaro siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Jumladan, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, C5+1 formatida Markaziy Osiyo va AQSH hamkorligini chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish diqqat markazida bo‘ldi.

Parlament diplomatiyasi

Davlat rahbarlari hamda ikki davlat parlamentlari darajasidagi muzokaralar va kelishuvlar o‘zaro aloqalardagi ishtirokini yangi mazmun bilan boyitdi. Muloqotlar davomida O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada kengaytirish, jumladan parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, parlamentlararo almashinuv jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol siyosiy muloqot, idoralararo almashinuv davom etmoqda. Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurmoqda. Kongressda har yili ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “O‘zbekiston kunlari” o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti AQSH bilan parlamentlararo muloqotni kengaytirish muhimligini ta’kidladi. BMT Bosh Assambleyasi yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi a’zosi, Vakillar palatasidagi “O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus” raisi Trent Kelli hamda Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor Bobbi Jinni bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqotlar o‘ziga xos amaliy ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, 17 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiya bilan strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Kerol Miller Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, demokratik institutlar, eng avvalo parlamentni mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlar natijalarini yuksak baholadi. Iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar, jumladan tog‘-kon, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy diplomatik muloqot faollashuvi

O‘tgan yil davomida O‘zbekiston yetakchisi AQSHning 100 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralar natijasida fuqaro aviatsiyasi, tog‘-kon sanoati, muhim minerallar, moliya, innovatsiya, kimyo, energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda shartnomalar hamda istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Ushbu loyiha va kelishuvlar ikki mamlakatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratishi ta’kidlandi.

Iqtisodiy va biznes diplomatiyasining yangi qamrovi

Yil davomida ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va biznesni rivojlantirish masalalari eng ustuvor vazifalar sifatida muloqot va kelishuvlarning markaziy nuqtalari bo‘ldi. Yetakchilar ishlab chiqarish sub’ektlari, yirik kompaniyalar hamda biznes vakillari bilan o‘zaro foydali aloqalar samaradorligini oshirish yuzasidan ochiq, konstruktiv muloqotlar olib bordi. Shu tariqa avval kuzatilmagan ulkan natijalarga erishildi.

Umuman, yakunlangan yil davomida O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligining amaliy jihatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qaratilgan qadamlar ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi va ikki tomonlama munosabatlarni aniq mazmun bilan boyitdi.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekistonning uch viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu mamlakatda bo‘lib, mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga amaliy hissa qo‘shdi.

Xulosa shuki, davlatlar, ayniqsa yetakchilar o‘rtasidagi jadal siyosiy muloqot, turli darajadagi delegatsiyalar almashinuvi, parlament diplomatiyasi, hududlararo aloqalar va ishbilarmonlik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ta’minlanayotgani O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligi tarixida tub burilish boshlanganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA