Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston – Italiya universitetlari rektorlarining davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekistonning Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev hamda Italiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Piyergabriyele Papadia de Bottini, ikki davlatdagi o‘ttizga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari, vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.

– Bugun O‘zbekiston va Italiya davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar ta’lim sohasida ham izchil rivojlanib bormoqda, – dedi tadbir avvalida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – O‘zaro hamkorlik doirasida oxirgi 2 yilda 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz Italiya oliy o‘quv yurtlarida stajirovka o‘tadi. Hozir mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida 700 nafardan ortiq talaba italyan tilini o‘rganmoqda. Bugungi kunga kelib, ikki mamlakatning oliy ta’lim muassasalari 50 dan ortiq o‘zaro kelishuvlar asosida hamkorlik qilmoqda. Bugungi davra suhbati davomida yangi hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda va bu ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorligimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Davra suhbatida ekologiya, qishloq xo‘jaligi, energetika, tibbiyot va mashinasozlik kabi dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi. Oliy ta’lim muassasalari, vazirlik va idoralar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Jumladan, Samarqand davlat universiteti Trento va Ka Foskari universitetlari bilan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti Piza universiteti bilan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Ka Foskari universiteti bilan hamkorlik bo‘yicha memorandumlar tuzildi.

– Bugungi kunda Italiya universitetlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori I.Majidov. – Xususan, O‘zbekiston – Italiya ta’lim forumida Milano Bikokko, Ka Foskari, Tyushi kabi universitetlar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolab, samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yganimiz. Buning natijasida 2025-2026 o‘quv yilidan Tyushi universiteti bilan arxeologiya yo‘nalishida qo‘shma diplom dasturini amalga oshiramiz. Ka Foskari va Milano Bikokko hamda O‘zMU va Toshkent davlat texnika universitetlari hamkorligida joriy yilning 23-27 iyun kunlari universitetimizda “GEM va Buyuk Ipak yo‘li--2025” xalqaro yozgi maktab bo‘lib o‘tadi. Bu esa talaba va tadqiqotchilarimiz uchun yangi bilim, tajriba va xalqaro muloqot maydonini yaratishga xizmat qiladi.
Davra suhbati ishtirokchilari Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri