Rim shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining ikkinchi forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Italiya Respublikasining Pemont mintaqasi Sog‘liqni saqlash vaziri Federiko Riboldi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni, ayniqsa, tibbiyot, farmatsevtika va parameditsina sohalarida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tibbiyot sohasidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Italiyaning ilg‘or klinikalarida amaliyot o‘tash imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, hamshiralar tayyorlash tizimi bo‘yicha tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Piza universiteti o‘rtasidagi qo‘shma magistrlik dasturini rivojlantirish, talabalar uchun grant va stipendiya mexanizmlarini joriy etish, Italiya mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb qilish hamda klinikalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar tibbiyot ta’limi va sog‘liqni saqlash sohasida uzoq muddatli, amaliy va natijador hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA