O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo o‘zaro tabrik yo‘lladilar.
A.Komilovning maktubida o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama munosabatning mustahkam poydevori yaratilgani, Yevropa Ittifoqi, BMT institutlari va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.
O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqani ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida kengaytirish va mustahkamlashga ishonch bildirildi.
Janob Di Mayo O‘zbekiston - Italiya hamkorligi mustahkam sheriklikka aylangani, turli daraja va shakldagi muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgani bunga yaqqol dalolat ekanini ta’kidladi.
“Italiya Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat mustahkamlanayotganini olqishlaydi va shu maqsadda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi Luiji Di Mayo maktubida.
O‘zA