O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasiga oid ikkita hujjat imzolandi
O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida shu kunlarda ushbu davlatda bo‘lib turgan mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi a’zolari Isroil davlatining migratsiya bo‘yicha vakolatli organlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Yig‘ilishlar Isroilda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi hamda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbolini muhokama qilishga qaratildi.
Tashrif doirasida Isroil davlatining mehnat bozoridagi maxsus sektorlarda fuqarolarimizni vaqtincha ish bilan ta’minlash to‘g‘risida bitim imzolandi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Isroil Ichki ishlar vazirligining Aholi va immigratsiya boshqarmasi o‘rtasida yuqorida keltirilgan bitimni “Uyda parvarishlash sohasida” amalga oshirish Bayonnomasi ham imzolandi.
Ushbu hujjatlar O‘zbekiston fuqarolarini Isroilga tashkiliy ravishda qonuniy ishga jalb qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA