French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida savdo aloqalari 43 foizga o‘sdi
12:16 / 2026-02-02

Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Iroq bojxona xizmati rahbari Samir Qosim Dovud bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida do‘stona munosabatlar va o‘zaro hamkorlikda yangi davr boshlandi. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi so‘nggi ikki yilda 43 foizga oshdi.

O‘zbekistondan asosan oziq-ovqat, tamaki va kimyo sanoati mahsulotlari Iroqqa eksport qilinayotgan bo‘lsa, ushbu davlatdan mamlakatimizga ko‘proq yoqilg‘i-energetika hamda neft mahsulotlari import qilinmoqda.

Savdo hajmining o‘sib borishi ikki davlat bojxona organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni, eng avvalo, hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratishni taqozo etadi. Shu maqsadda uchrashuvda “Bojxona ishida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida”gi bitim loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda bojxona organlari faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellektni qo‘llash borasida erishilgan natijalar, JBTning mintaqaviy maqomiga ega Milliy kinologiya markazi, “PICARD” standartlari bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan Bojxona instituti haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar o‘zaro savdoda tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini yanada soddalashtirish, tadbirkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-7 fevral kunlari O‘zbekistonning 200 nafarga yaqin tadbirkorlari Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro “Baghdad International Fair” ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmaning “Made in Uzbekistan” milliy ekspozitsiyasi doirasida oziq-ovqat, to‘qimachilik, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA