English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Iordaniya: siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda
09:47 / 2026-01-21

Oliy Majlis Senatiga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Demiya Zuxeyr Haddod tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.

Parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Iordaniya parlamenti mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ham Oliy Majlis davlat va jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va qonunchilik jihatdan ta’minlashda faol ishtirok etib kelmoqda. 

Shu munosabat bilan parlamentlar o‘rtasida muloqotni kengaytirish, qonun ijodkorligi, parlament nazorati va boshqa sohalarda tajriba almashishdan manfaatdorlik bildirildi.

2026 yil 3 - 7 fevral kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti Majlisi al-A’yan raisi Faysal Akif Misqal Al-Fayez boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Tashrif doirasida ikki mamlakat Senatlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash rejalashtirilgani qayd etildi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi tibbiyot, xususan raqamli tibbiyotni rivojlantirish, oliy ta’lim, texnologiyalar sohasidagi hamkorlik hamda Iordaniya va O‘zbekiston birinchi biznes-forumini tashkil etish yuzasidan ham fikr almashildi.

N.Abduraimova,

O‘zA