Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Iordaniya  o‘rtasidagi turizm aloqalarini  rivojlantirish yo‘lida
09:10 / 2025-08-28

10 oktyabrdan  O‘zbekistondan Iordaniyaning Akaba  shahriga charter reyslar qatnovi boshlanadi. Parvozlar zamonaviy va qulay Airbus 321 samolyotida haftasiga  bir marta -  juma kunlari  amalga oshiriladi.

Mazkur tashabbus Air Samarkand aviakompaniyasi va Easybooking sayyohlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Yo‘lovchilar uchun biznes va ekonom-klasslar taklif etiladi. 

Yangi yo‘nalishning ochilishi Ўзбекистон Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning mamlakatimizga davlat tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. 

Samarqandda bo‘lib o‘tgan samarali  muzokaralar natijasiga ko‘ra,  davlatlar rahbarlari Viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu turizmni rivojlantirishga  turtki bo‘lib, sayohatlar tartibini sezilarli darajada soddalashtiradi. Sayohat yo‘nalishini tanlashda  viza rejimining mavjudligi hal qiluvchi ahamiyatga ega, shu bois,  vizasiz tartibning joriy qilinishi  muhim qadam hisoblanadi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi hamkorlik  faol rivojlanmoqda. Savdo, investitsiyalar, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalar  kengaymoqda. 

– Turizm xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va madaniy almashinuvni mustahkamlovchi muhim vositadir, - deydi Easybooking kompaniyasi hammuassisi Odil Hasanov. – Yangi reys mamlakatlarimiz o‘rtasida yanada yaqin va do‘stlik aloqalarini o‘rnatishda qo‘shimcha imkoniyatlarni  yaratadi. 

Iordaniya haqli ravishda xalqaro turizm markazlaridan biri sanaladi. Sayyohlarni  mamlakatning  yumshoq iqlimi, rivojlangan infratuzilmasi va noyob tarixiy yodgorliklari  o‘ziga jalb qiladi. Qadimiy Petra shahri, Vadi-Ram  sahrosi, Qizil dengiz qirg‘og‘i va mashhur O‘lik dengiz shular jumlasidandir. 

– Mazkur yo‘nalishning ochilishi – sayyohlar uchun  qulaylik bo‘libgina qolmay, ayni damda xalqlarni birlashtiruvchi  zamonaviy ko‘prikdir, - deydi Easybooking kompaniyasi rahbari Zarina Haqberdiyeva. – Iordaniya zaminining  boy madaniy merosi yurtimizdan borgan  mehmonlarda chuqur taasurot uyg‘otishiga ishonchimiz komil. 

 Akabaga  parvozlarning yo‘lga qo‘yilishi sayyohlik almashinuvlarini kengaytirish  hamda  O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi  do‘stona va ishbilarmonlik  aloqalarini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ladi. 

Aziza Alimova, O‘zA