Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Bitimni (Samarqand shahri, 2025 yil 26 avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslanib, xalqaro hamda mintaqaviy masalalar yuzasidan yaqin hamkorlikni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda terrorizm, ekstremizm, iqtisodiy jinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikning turli ko‘rinishlaridan kelib chiqadigan xavf-xatarlarning ortib borayotgani davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va mazkur sohadagi huquqiy asoslarni takomillashtirishni taqozo etmoqda. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlatlararo huquqiy yordamni yo‘lga qo‘yish va uni tizimli ravishda amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasida ushlab berish masalalari bo‘yicha shartnomaviy-huquqiy asos mavjud emas edi. Bu esa ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muayyan darajada cheklab kelgan.
Muqaddima hamda 23 ta moddadan iborat mazkur Bitimda jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki ularga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish maqsadida ushlab berishning tartibi, asoslari va shartlari belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, tomonlarga ushlab berishni rad etish huquqi ham berilgan.
Bitimning kuchga kirishi natijasida O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rib chiqish samaradorligi oshadi. Shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslarning jazodan qochib qutulishiga yo‘l qo‘ymaslik, ya’ni javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA