Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida turizm va ilmiy-madaniy aloqalar rivojlanmoqda 
12:43 / 2025-10-27

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik munosabatlari tobora rivojlanmoqda. Ayniqsa, madaniy-ma’rifiy, turizm, ilm-fan sohalaridagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston – Indoneziya madaniy va hamkorlik haftaligi boshlandi. Haftalikni tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ko‘lamini kengaytirish, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni va uning ilmiy merosini keng targ‘ib etish hamda ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirishdan iborat.

Haftalik doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro tadbir o‘tkazildi.

Anjuman O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Indoneziyaning Sharif Hidayatulloh davlat islom universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjuman ikki mamlakat madaniyati, san’ati, turizm sohalarida yangi davrni boshlashi alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida O‘zbekiston – Indoneziya haqidagi ilk film “Pengin Hijrah” (“Sayohat qilishni xohlaysizmi?”) filmidan lavha namoyish etildi. 

Ochilish marosimida “Legong Maha Widya” (Bali raqs turi) taqdim etildi. Mazkur raqs zamonaviy raqs turi bo‘lib, u ona tabiatning qudrati va zakosini ifoda etadi.

Shuningdek, “Gending Sriwijaya” raqsi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Palembang shahridan kelib chiqqan an’anaviy “Gending Sriwijaya” raqsi nufuzli mehmonlarni tantanali ravishda qarshi olish maqsadida ijro etiladi.

Dastur doirasida o‘zbek san’atkorlari tomonidan Indoneziya an’anaviy raqslari, shuningdek, o‘zbekistonlik sportchilar ijrosida penchak silat (Indoneziyaning milliy jang san’ati) namoyishi va Indoneziya qahva burchagi taqdimoti o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining iqtidorli talabalari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi.

Ilmiy hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir doirasida Indoneziyadan kelgan 100 dan ziyod mehmonlar Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muassasa hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Ekskursiya davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ziyorat mehmonlarda katta taassurot qoldirib, o‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

Muxtasar aytganda, ushbu tadbir har ikki mamlakat yoshlari uchun madaniyat, an’analar va ta’lim orqali o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Kelgusidagi madaniy almashinuvlar, ilmiy tadqiqot va ta’lim sohasidagi hamkorlik uchun zamin bo‘ldi. 

N.Usmonova, O‘zA