O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov boshchiligidagi delegatsiya madaniyat, meros, san’at, diplomatiya va innovatsiya bo‘yicha “Chandi-2025” xalqaro forumida ishtirok etdi.
Indoneziyada bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir 40 dan ziyod mamlakat vakillarini jamladi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Yu.Usmonov yurtimizda madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, boy tarixiy merosimizni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirib berdi.

Tashrif doirasida mezbon davlat madaniyat vaziri Fadli Zon bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Vazir O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini yuqori baholab, buyuk olim va mutaffakirlarimizning jahon tarixida tutgan alohida o‘rnini e’tirof etdi. Indoneziya tomoni mavjud aloqalarni yanada faollashtirishdan manfaatdorligini bildirib, o‘zaro madaniyat kunlarini tashkil etish, qo‘shma hamkorlik dasturlari ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Orollaro mamlakati ijodiy jamoalari diyorimizda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”, “Maqom san’ati” va “Baxshichilik san’ati” kabi an’anaviy xalqaro festivallardagi ishtirokini kengaytirishi ta’kidlandi. Shuningdek, Fadli Zon Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida ham qatnashishini tasdiqladi.
Vakillarimizning Indoneziya san’at instituti va Udayana universiteti rahbariyati bilan muzokaralari davomida tomonlar hamkorlik istiqboli, xususan akademik darajadagi aloqani kengaytirish masalalarini muhokama qildi. San’at instituti rektori Vayan Andayana O‘zbekistonga kelib, sheriklikni rivojlantirish maqsadida muzokaralar o‘tkazish niyatini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Indoneziya san’at instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Aziza Alimova, O‘zA