Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Hindiston: yaqin do‘stlik, madaniyatlar mushtarakligi (+video)
13:55 / 2023-01-26

Qadimiy tamaddunga beshik bo‘lmish O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xususan, Abu Rayhon Beruniyning afsonaviy o‘lkaga safari ta’sirida yozilgan “Hindiston” asaridan o‘rin olgan qimmatli manbalar, shoh shoir Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"sida aks etgan azaliy rishtalar tavsifi sirli Hindiston va ushbu yurtning mamlakatimiz bilan uyg‘unlashgan tarixidan so‘zlaydi.

So‘nggi yillarda azaliy birodarlik munosabati yana jonlanib, birgalikda o‘tkazilayotgan anjumanlar salmog‘i ancha kengaydi.

Xususan, o‘tgan yili Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga Samarqand mezbonlik qilgan bo‘lsa, bu yilgi sammit ilk marotaba Hindistonda o‘tkaziladi. Ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalarimiz munosabatlarimizning muhim ustunlaridan biri bo‘lib qolaveradi.

Yaqinda Hindistonning Agra shahridagi St.Jons kollejida bir guruh o‘zbek ijodkorlari, olimlari ishtirokida Adabiyot va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Allohobod va Dehli shaharlaridan kelgan mahalliy ijodkorlar, madaniyat sohasi xodimlari, olimlar ham qatnashdi.

Festival davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy, adabiy aloqalarning tarixi va buguni, kelajak istiqboli xususida so‘z yuritildi. Ayniqsa, allohobodlik olima Shaminaz Banoning yurtimizdagi madaniy va tarixiy obidalar haqidagi ma’ruzasi yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirdi.

Vakillarimiz Dehli shahridagi Chokar institutida o‘zbek shoir va yozuvchilari asarlari jamlangan Antalogiya taqdimotida ham ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov ham hozir bo‘ldi.

Darvoqe, delegatsiyamiz tashrifi tafsiloti Hindistonning bir necha nashrlarida, xususan, “Dainik Jagran”, “Amar Ujala”, “Hindustan”, “babanews24.com”, “Siyasi Taqdeer” gazetalarida keng yoritildi.

O‘zaro ishonch va hamjihatlik kabi mustahkam poydevorga asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik shubhasiz, kelajakda ham ulkan salohiyat va yuksak imkoniyatlarga ega bo‘lib qolaveradi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/_a_-MjH1BXs" title="Ўзбекистон ва Ҳиндистон: яқин дўстлик, маданиятлар муштараклиги" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

 

O‘tkir Alimov tayyorladi.

O‘zA