O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan Hindistonning yetakchi universitetlari rahbarlari bilan videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazdi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqotda AMITI universiteti, “Sharda Group” va “Sambhram Group” rahbariyati ishtirok etdi.
O‘zbekistonda Hindistonning bir nechta oliy ta’lim dargohi faoliyat yuritmoqda. 2019 yil Toshkent shahrida filialini ochgan AMITI universiteti, Andijonda faoliyat boshlagan “Sharda Group” va shu yil iyul oyida Jizzaxda filial tashkil etgan “Sambhram Group” shular jumlasidan.

Muzokara chog‘ida ko‘rib chiqilayotgan yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali sheriklik borasida salmoqli salohiyat mavjudligi, shuningdek, Hindiston ta’lim muassasalari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqayotgani qayd etildi.
Xususan, Hindiston universitetlarining O‘zbekistondagi filiallarida tibbiyot fakultetlari va tegishli klinikalar ochish istiqboli ko‘rib chiqildi. Hindiston tomoni jarrohlik, ortopediya, radiologiya, dermatologiya, oftalmologiya, pediatriya va psixiatriya yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qiziqish bildirdi. Talabalar keyinchalik mamlakatimizning ixtisoslashtirilgan muassasalarida ish bilan ta’minlanadi.
O‘zbekistonda Hindistonning ilg‘or texnologiyalari asosida xaridorgir dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati alohida muhokama etildi. Shuningdek, Hindistonning boshqa bir qator kompaniya va universitetlari mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari va tibbiyot markazlari tashkil etishga qiziqish bildirayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston tomoni qo‘shma loyihalar va o‘quv dastularini joriy etishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Mamlakatimizning tegishli vazirlik, idoralarini jalb qilgan holda istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar hamda o‘zaro hamkorlik olib borish shakli, tartibi belgilab olindi.
G.Sattorova, O‘zA