Qadimiy tamaddunga beshik bo‘lmish O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Xususan, Abu Rayhon Beruniyning afsonaviy o‘lkaga safari ta’sirida yozilgan “Hindiston” asaridan o‘rin olgan qimmatli manbalar, shoh shoir Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”sida aks etgan azaliy rishtalar tavsifi sirli Hindiston va ushbu yurtning mamlakatimiz bilan uyg‘unlashgan tarixidan so‘zlaydi. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos soldi.
Hindistonda ko‘plab ijtimoiy-xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, o‘zaro ichki nizo, qirg‘inlarga barham berib, yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratdi.
So‘nggi yillarda azaliy birodarlik munosabati ana shu ruhda jonlanib, birgalikda o‘tkazilayotgan uchrashuv va anjumanlar salmog‘i ancha kengaydi. Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyan Jayshankar yaqinda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan batafsil suhbat o‘tkazgani unda ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘liq hamkorlik doirasi ko‘rib chiqilgani va aloqalardagi muhim ijobiy sur’at tasdiqlangani bu fikrimizning yaqqol isbotidir. Suhbatda siyosiy aloqalar, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy hamda ko‘p tomonlama maydonlarda harakatlarni muvofiqlashtirish mavzulari ko‘rib chiqildi, har ikki taraf ham sheriklik kelgusida yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.
Janob Jayshankar bu muloqotni samarali deb atadi, ikki vazir muhim sohalar bo‘yicha ilgarilashni yuqori baholadilar, O‘zbekiston–Hindiston munosabatlarining kelgusi yo‘nalishi haqida optimizm bildirdilar. O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbariga ko‘ra, yil davomida ikki mamlakat manfaatlarini yanada rivojlantiruvchi bir qator umidbaxsh natijalar kutilmoqda. So‘nggi vazirlik muloqotlari oxirgi o‘n yil ichidaO‘zbekiston–Hindiston aloqalarining umumiy o‘sishini aks ettiradi. Ikki davlat strategik, iqtisodiy va madaniy sohalarda munosabatlarni barqaror ravishda kengaytirib kelmoqda, bu esa doimiy yuqori darajadagi siyosiy muloqotlar bilan qo‘llab‑quvvatlangan. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Hindistonning muhim sheriklaridan biriga aylandi, har ikki tomon mintaqaviy barqarorlik, bog‘liklik va iqtisodiy integratsiyada bir-birini muhim manfaatdor taraf deb hisoblamoqda.
Ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘sib borayotgan bo‘lib, bunga farmakologiya, energiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari kabi sektorlarda kengayotgan hamkorlik o‘z hissasini qo‘shayotganligini ta’kidlash joiz. Hind kompaniyalari ayniqsa sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini kengaytirmoqda, ayni paytda O‘zbekiston infratuzilma, sanoat va qayta tiklanadigan energiya loyihalariga Hindiston investitsiyalarini jalb qilishga qiziqish bildirayotganini ta’kidlash joiz.
Mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlik jadallik kasb etmoqda, har ikki davlat qo‘shma trening dasturlari, terrorizmga qarshi hamkorlik va strategik maslahatlashuvlar olib borayotir. Bu sheriklik mintaqaviy xavfsizlik muammolari bo‘yicha umumiy xavotirlar Markaziy Osiyo hamda Janubiy Osiyo mintaqalarida tinchlikni rag‘batlantirishga oid umumiy manfaat bilan asoslanadi.
Xalqlar o‘rtasidagi aloqalar ham munosabatlarning muhim ustuni bo‘lib kelyapti. O‘zbekistonlik talabalar orasida Hindistonda, ayniqsa tibbiyot va muhandislik yo‘nalishlarida oliy ta’lim olishni tanlayotganlar soni oshib bormoqda, madaniy almashinuvlar esa yoga, an’anaviy tibbiyot va turizmga bag‘ishlangan dasturlar orqali kengaymoqda. Ipak yo‘li davriga borib taqaluvchi tarixiy bog‘lanishlar zamonaviy diplomatik aloqalar uchun mustahkam madaniy asosni yaratayotgani sir emas.
Vazirlik muloqotlari davlatlar rahbarlar darajasidagi davomli aloqalar bilan ham izchillik kasb etadi. 2025-yil avgust oyida Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, yaqinda O‘zbekiston rahbari Hindistonning 79‑yillik Mustaqillik kuni munosabati bilan Bosh vazir Narendra Modiga hamda Hindiston xalqiga iliq salomlarini yo‘llagan edi. Ushbu suhbatda ikki rahbar savdo-iqtisodiy, bog‘liqlik, sog‘liqni saqlash, texnologiyalar va xalqlar o‘rtasidagi almashinuvlar kabi keng ko‘lamli sektorlardagi hamkorlik mavzularini muhokama qildilar. Ular mintaqaviy va global miqyosdagi masalalar bo‘yicha ham fikr almashdilar. Ikki yetakchi muloqotni davom ettirishga va ikki tomonlama munosabatlarni yanada olg‘a surishga kelishib oldilar.
Bog‘liqlik (connectivity) ikki mamlakat uchun asosiy strategik ustuvorlik ahamiyatga ega. Ya’ni, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va bshqa mintaqalar bilan bog‘lovchi transport koridorlarini takomillashtirish o‘zaro savdo salohiyatini ochish, investitsiya oqimlarini osonlashtirish va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun hal qiluvchi omil sanaladi. Ushbu hafta boshida Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi Toshkentda 26 yanvap kuni Hindistonning Respublika kuni munosabati bilan Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi qabul marosimini o‘tkazdi, bu ikki tomonlama munosabatlardagi samimiylikni yana bir bor namoyish etdi. Tadbirda yuqori darajali o‘zbek rasmiylari, diplomatlar, ishbilarmonlar va hind jamoatchiligi a’zolari ishtirok etdi, bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik va ijtimoiy aloqalarning kengayishini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston va Hindiston kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlikni iqtisodiyot, ta’lim, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash va mintaqaviy diplomatiya kabi sohalarda mustahkamlash nyatida.. E’tibor siyosiy iroda va xayrli aniq natijalarga — ishbilarmonlar va fuqarolar manfaatiga — aylantirishga qaratilmoqda. O‘zaro ishonch va hamjihatlik kabi mustahkam poydevorga asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik shubhasiz, kelajakda ham ulkan salohiyat va yuksak imkoniyatlarga ega bo‘lib qolaveradi.
O‘zA