Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligidagi delegatsiya Hindiston dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti mas’ullari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda vakillarimiz Hindiston regulyator organi dori vositalarini nazorat qilish bo‘yicha qo‘shma nazoratchisi doktor Ranga Chandrashekar bilan dori vositalari xavfsizligini ta’minlash borasida keng qamrovli muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, farmakonazorat tizimini rivojlantirish, farmatsevtika mahsulotlarining nojo‘ya ta’sirlarini kamaytirish va potensial xatarlarning oldini olish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali xalq salomatligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Markaz direktori Alisher Temirov O‘zbekiston farmbozoriga sifatsiz va soxta dori vositalarining kirib kelishining oldini olish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqish muhimligi, bu borada aniq choralar belgilab olish va reglament hujjatlarining haqiqiyligini tekshirishda yaqin hamkorlik qilish zarurligini alohida ta’kidladi.
Hindiston tomoni sifat nazoratidan o‘tmagan farmatsevtika mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zining ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish va bu borada hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirdi, deyiladi Markaz matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, muzokaralar yakunida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi.
M.Qosimova, O‘zA