Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Hindiston axborot hamkorligi yanada rivojlanadi
16:59 / 2025-03-08

Shu kunlarda Hindiston Axborot va radioeshittirish davlat vazirligi bosh ijrochi direktori Gaurau Dvivedi boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, Milliy media birlashmasi va Milliy axborot agentligi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pantning Toshkentdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zA va ushbu mamlakatning yetakchi axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

G.Dvivedi ikki davlat o‘rtasidagi mushtarak munosabat turli sohalarda jadal rivojlanayotgani, bu jarayonda ishonchli axborot almashish muhimligini ta’kidladi. Mehmon yurtimiz media makonida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etarkan, Hindiston tomoni O‘zA bilan muntazam aloqa o‘rnatish orqali respublikamizda yuz berayotgan eng muhim voqealar tafsilotini yetakchi manbalar orqali yoritib borishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.

Muloqot chog‘ida Mumbay shahrida o‘tkaziladigan Birinchi xalqaro audio-vizual va ko‘ngilochar texnologiyalar sammiti (WAVES) haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Hindiston ommaviy axborot vositalari o‘ziga xos tarixga egaligi, ushbu afsonaviy diyorda 84 tildagi 51 million nusxadan iborat 19 000 gazeta, 35 million nusxadan iborat 18 000 jurnal faoliyat ko‘rsatayotganini e’tirof etdi. Shu nuqtai nazardan Axborot va radioeshittirish davlat vazirligi tasarrufidagi yetakchi OAV bilan kelishuvlar hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishini ta’kidladi.

O‘z navbatida Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant Ko‘ksaroyda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Elchi Smita Pant xonim O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi yo‘lida birgalikda ishlash, bu jarayonda OAV, xususan O‘zA bilan izchil hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA