O‘zA avval xabar berganidek, Gruziya hukumati delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokara chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish uchun yetarli salohiyat borligi, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish kerakligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Qolaversa, Gruziya mamlakatimizning Janubiy Kavkazdagi muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir.
[gallery-7969]
Transport-logistika sohasida hamkorlik faol rivojlanayotgani, yuqori tranzit salohiyati mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Muloqotda O‘zbekiston tomoni “Boku – Tbilisi - Kars” temir yo‘li hamda “Poti” va “Botumi” portlari orqali multimodal transport tashuvidan foydalanishni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
O‘tgan yil mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnov tiklandi. Bu o‘zaro sayyohlar oqimini tezlashtirishga xizmat qilmoqda. Gruziya O‘zbekiston fuqarolari uchun mashhur turizm yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. O‘z navbatida, yurtimizning boy madaniy va tarixiy merosi gruziyaliklarni jalb qiladi.
Tashrif doirasida Gruziya delegatsiyasi poytaxtimizdagi vaziyatlarni baholash markazi, “Humo Arena” majmuasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
B.Xudoyberdiyev, A.Abdullayev (surat), O‘zA