Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Germaniya til o‘rganishda hamkorlikni kengaytiradi
20:58 / 2025-08-08

Germaniyaning Zigen shahridagi Xalqaro tillar instituti (IFINS)da O‘zbekiston bilan hamkorlik masalasiga bag‘ishlab tashkil qilingan tadbirda o‘quv yurti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi, talabalar, shuningdek mamlakatimiz elchixonasi xodimlari va mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Institut direktori Mina Vilgelm dastlab mamlakatimiz IFINS uchun yaqin hamkorlaridan biri hisoblanishi, mavjud hamkorlik doirasida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirish rejalashtirilganiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, muassasada xorijlik talabalarga nemis tilini A1 dan S1 gacha darajada majmuaviy o‘rgatish, shuningdek kasbiy tayyorgarlik imkoni bor.

O‘zbekistonlik bitiruvchilar esa Germaniyada o‘qish va ishlash bo‘yicha tajriba bilan bo‘lishdi, o‘qituvchilar va ma’muriyatga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir o‘zbek raqslari va milliy kuy-qo‘shiqlarimiz bilan davom etdi. Elchixonamiz ko‘magida IFINS Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi ta’lim markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘ygan. Kelishuvga asosan, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan abituriyentlar talabalik vizasiga ega bo‘lib, Germaniyadagi kollej, institut yoki kasbiy ta’lim dasturi (Ausbildung) bo‘yicha o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bundan tashqari mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari va ishga joylashish, jumladan tibbiyot sohasida ishlash imkoniyati ko‘zda tutilgan. Hamkorlik rejalari nafaqat ta’lim, balki talabalarning akademik muhitga tez moslashishiga qaratilgan ma’naviy-sayyohlik tashabbuslari, seminar, uchrashuv va ekskursiyalarni ham qamrab olgan.

IFINS shiori – “Har bir talabaga e’tibor, g‘amxo‘rlik va samimiy yordam”. Bugun institutda turli mamlakatlardan kelgan 1000 ga yaqin talaba, jumladan Germaniya oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan va mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan taxminan 60 nafar o‘zbek yoshlari 40 turdagi integratsiya va tayyorlov kursida tahsil olmoqda.

1972 yil asos solingan Zigen universiteti kuchli ilmiy-tadqiqot bazasi hamda muhandislik va axborot texnologiyalaridan tortib ijtimoiy va gumanitar fanlargacha keng doiradagi ta’lim dasturlari bilan mashhur. Maskanda 14 000 dan ziyod talaba ta’lim oladi, o‘qituvchilar uchun 9 ta malaka oshirish kursi ishlab turibdi.

Aziza Alimova, O‘zA