Yaqinda Germaniyaning Robert Kox instituti delegatsiyasi vakillari Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi. Institut delegatsiyasini innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda vazirning yuqori martabali maslahatchisi Karsten Hayns qabul qildi.
Vazirlikning ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya tarkibida Robert Kox instituti Xalqaro sog‘liqni saqlash markazining xalqaro bo‘limi boshlig‘i Yevgeniya Boklage, Berlindagi Muqaddas Yozef shifoxonasi bosh konsultanti Kristof Byuttner, Berlin Tibbiyot universiteti qoshidagi shifoxona bosh vrachi, GIZ Uzbekistan dasturining sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqaruvchisi Korneliya Bekker bor.
Tomonlar O‘zbekiston va Germaniya tibbiyot muassasalari o‘rtasida telemeditsina sohasida hamkorlik ilish masalalarini muhokama qildi. Ayni paytda Robert Kox instituti O‘zbekistondagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Zangiota shifoxonasi bilan telemeditsina sohasida hamkorlik qilmoqda.

Bu tashabbusni O‘zbekistonning uzoq hududlariga ham joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Xususan, Mo‘ynoqdagi Innovatsion telemeditsina markazi infratuzilmasidan foydalanib, Orolbo‘yi hududidagi aholini davolash dolzarb masala ekani ta’kidlandi. Shuningdek, tomonlar Yevropa, xususan, Germaniyaning vaksina ishlab chiqarish tajribasi bo‘yicha fikr almashdi.
Ta’kidlash joizki, Robert Kox instituti (RKI) Germaniya federal hukumatining kasalliklar monitoringi va profilaktikasi, amaliy biotibbiyot bo‘yicha markaziy tashkilotidir. RKIning asosiy vazifasi kasalliklar, ayniqsa, yuqumli kasalliklarni aniqlash, oldini olish va nazorat qilishdan iborat. Sog‘liqni saqlash siyosatini olib borishda ilmiy asoslangan bilimlardan foydalanilishini ham ushbu institut nazorat qiladi.
Mazkur institut bilan hamkorlik aloqalarining yanada kengaytirilishi mamlakatimiz tibbiyot sohasi rivojiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA