Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari doirasida erishilgan natijalar tahlil qilindi
15:20 / 2022-03-17

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamda Germaniyaning Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar xodimlari, parlamentlar deputatlari, “aql markazlari” ekspertlari, siyosiy va ishbilarmon doiralari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan konferensiyada o‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari doirasida erishilgan natijalar tahlil qilindi.  Siyosat, xavfsizlik, savdo, texnologiya, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, konferensiyada O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Akrom Ne’matov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchisi Nabijon Qosimov va boshqa vazirlik va idoralar vakillari Germaniya tomonidan Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Lyuttenberg, Germaniya Bundestagining “Germaniya – Markaziy Osiyo” deputatlik guruhi raisi Manfred Grund, Konrad Adenauer jamg‘armasi boshqaruvi raisi Norbert Lammert, Fridrix Ebert jamg‘armasi boshqaruvi raisi Martin Shuls hamda ushbu jamg‘armalarning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbarlari va boshqa vakillar O‘zbekiston va Germaniya munosabatlarining turli sohalariga oid ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z ma’ruzasida Germaniya dunyoning rivojlangan, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsion salohiyat va ilg‘or texnologik ishlanmalarga ega davlatlaridan biri ekanligini qayd etdi. Shu bois, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan dastlabki yillardayoq – 1992 yil 6 martda Germaniya bilan faol diplomatik munosabatlar o‘rnatgan.

– O‘tgan yillar mobaynida Yevropaning eng rivojlangan ushbu ilg‘or davlati bilan o‘zaro hamkorlik qirralari tobora kengayib bordi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 20-22 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Germaniyada bo‘lishi ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib, yangi mazmun-mohiyat kasb etib borayotgani, siyosiy muloqotlar faollashayotgani hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yangicha tus olayotganini yaqqol ko‘rsatdi,– dedi E.Tulyakov. –O‘z navbatida, Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019 yil 27-29 may kunlari mamlakatimizga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro teng manfaatlar asosidagi hamkorlikning bir yangi ufqini ochdi.

E’tirof etish joizki, bugungi kunda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIS), Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar bilan hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Germaniya parlamenti o‘rtasida doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2019 va 2021 yillarda Markaz ekspertlarining Germaniya parlamentiga tashrifi tashkil etilgan bo‘lsa, 2021 yil oktyabr oyida “Taraqqiyot strategiyasi” markazida germaniyalik deputatlar bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi.

Ayni kunda mamlakatimizda Germaniya sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 200 dan ortiqni tashkil etmoqda. Ularning 77 tasi yuz foiz nemis kapitali hisobiga tashkil etilgan. O‘zbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa o‘rnatgan. Toshkentda “Doyche-bank” bo‘limi tashkil etilgan.

2021 yilda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 762 million AQSH dollaridan ziyodni tashkil etgani va Germaniyaga eksport hajmi 4,1 foizgacha oshgani ham hamkorlik aloqalarimiz tobora mustahkamlanib borayotganiga yaqqol dalildir.

Muhsinjon Xolmuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari:

– Germaniya Federativ Respublikasi mamlakatimizning muhim savdo sherigi hisoblanadi. O‘zaro savdo hajmi so‘nggi yillarda jadal rivojlandi va 2020 yilda qariyb 714 million AQSH dollarini tashkil qildi. Taniqli nemis investorlari, Man, Claas, Knauf kabi yirik kompaniyalar bugungi kunda mamlakatimizda o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Shu bilan birga, Germaniya O‘zbekistonning eng yuqori 6 ta import hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning eksport mahsulotlari bozori qatorida esa eng yuqori 18-o‘rinni egallaydi. 2017 yilga nisbatan O‘zbekistonning jami eksport hajmi deyarli ikki barobarga o‘sgan. Shu o‘rinda import hajmi ushbu muddatda 1,6 barobarga oshdi.

Shuningdek, ishtirokchilar bugungi kundagi ikki davlat rahbariyatining muntazam muloqotlari ham o‘zaro manfaatli hamkorlikning salohiyati va imkoniyatlari kengligidan dalolat berishini ta’kidladilar.

Xususan, ikki mamlakat xalqaro maydonda ham ishonchli, muhim va uzoq muddatli hamkorlar sifatida e’tirof etilmoqda.

Jumladan, davlatlarimizning BMT, YeXHT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlar doirasida global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha pozitsiyasi bir xil ekani, Toshkent va Berlin ko‘plab masalalar, xususan, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha yakdil qarashlarga ega ekani xalqaro maydonda ham samarali hamkorlik qilish imkonini bermoqda.

Komiljon Karimov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari:

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishda Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD)ning rolini alohida ta’kidlash lozim. DAAD yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolari uchun har yili 40 tagacha stipendiya ajratiladi. Albatta, biz o‘zbek yoshlari uchun DAAD stipendiyalari sonini oshirishdan manfaatdormiz.

O‘zbekistonning 40 dan ortiq oliy o‘quv yurti Germaniyaning 55 dan ortiq oliy o‘quv yurti va ilmiy-ta’lim tashkilotlari bilan 114 ta hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va memorandumlar doirasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

Shuningdek, 2021 yilda Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston” universitetining tashkil etilishi ham Germaniya va O‘zbekiston ta’lim sohasidagi hamkorlik loyihalaridan biri sanaladi. bugungi kunda ushbu universitetda Germaniyaning Myunxen texnika universiteti standartlari asosida ta’lim dasturlari yuqori darajada amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan 8 ming nafardan ziyod nemis millatiga mansub fuqarolarni birlashtiruvchi “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi, “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyatlari nemis madaniyati va an’analarini saqlash, asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar, Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) vakolatxonalari, Gyote instituti va boshqa qator tashkilotlar faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgan.

Do‘stona muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, muvaffaqiyatli kelishuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA