Iqlim xavfi tabiiy iqlim jarayonlari yoki iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlar bo‘lib, u insonlar hayoti, sog‘lig‘i, iqtisodiyot va tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunda eng avvalo qishloq xo‘jaligini barqarorlashtirish, iqtisodiy yo‘qotishlarni kamaytirish, tabiiy resurslarni asrash hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlash kabi vazifalarni amalga oshirish talab etiladi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida “Markaziy Osiyoda iqlim xavfini boshqarish” loyihasi doirasida Anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi.

Mazkur memorandumning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim va tabiiy ofat xavflarini kamaytirish, shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha ilmiy-amaliy salohiyatni kuchaytirishdan iborat bo‘lib, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilayotgan mintaqaviy loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. 2022 yilda boshlangan loyiha 2028 yilgacha davom etadi.
Loyiha suv resurslaridan oqilona foydalanish, qurg‘oqchil yillarda hosildorlikni saqlab qolish, ekologik muvozanatni ta’minlash hamda agrosanoat samaradorligini oshirish kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.
Muloqot davomida Navoiy viloyatining Zarafshon daryosi havzasida zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni, jumladan, aqlli tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish orqali qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga kelishildi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi institut tomonidan 2025 yil yakuniga qadar institut tarkibidagi Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasiga qarashli 10 gektar yer maydonida intensiv bog‘ barpo etiladi hamda mazkur bog‘da tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinadi. Uzoq muddatli istiqbolda ushbu tizimlar boshqa hududlarga ham model sifatida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA