Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari bo‘yicha delegat vaziri Oliver Besht boshchiligida kengaytirilgan tarkibdagi muzokara bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya tarzida uyushtirilgan muloqot chog‘ida davlatimiz rahbarining 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifining ahamiyati alohida ta’kidlanib, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatni rivojlantirishga kuchli turtki bergani qayd etildi. Energetika, suv ta’minoti, turizm, transport va logistika sohalarida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligi ma’qullandi.
Tomonlar Fransiyaning “EDF”, “Total Energies” va “Voltalia” kompaniyalari bilan birga elektr stansiyalari qurish loyihasi texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish jarayonini konstruktiv tarzda ko‘rib chiqdi.

“Orano Mining” kompaniyasi bilan konchilik sanoatida foydali qazilmalarni ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatini oshirishga kelishildi. “Eiffage” va “Suez” kompaniyalari tomonidan Yakkabog‘-Qarshi magistral suv quvurini yotqizish loyihasi bo‘yicha tez fursatda ish boshlanishi ma’qullandi. Shuningdek, Toshkentda suv ta’minoti loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.
“Alstom” va “ATR” kompaniyalari bilan transport sohasidagi qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.
Muloqot davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini mustahkamlash va kengaytirish drayveri sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida tadbirlar tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Joriy yil aprel oyida “MEDEF International Fransiya” tadbirkorlari harakati a’zolarining qo‘shma biznes-forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrifini ta’minlash, may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasi navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zA