Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Fransiya: hamkorlikning yangi ufqi
23:50 / 2023-11-06

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning joriy yil 2-3 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, hech shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega voqeadir.

Avvalo, mazkur tashrif Fransiya Prezidentining O‘zbekistonga so‘nggi 30 yil ichidagi ilk safari bo‘lib, do‘st mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni yanada yuqori  pog‘onaga ko‘tardi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston – Fransiya aloqalari yangi bosqichga chiqishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Taraqqiyot strategiyasining Fransiyadagi islohotlar dasturi bilan yaqinligi, ikki davlatning asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishga yondashuvi mos kelishi va o‘xshashligi bilan izohlanadi. Bu jarayon hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, dolzarbligi oshib borayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurash olib borish masalalarini ham kun tartibiga qo‘ymoqda.

Shu bilan birga O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik siyosati natijasida mintaqada qaror topgan ijobiy siyosiy muhit Fransiya tashqi siyosatining Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi maqsadlariga erishish uchun munosib sharoitni yuzaga keltirmoqda.

Asosiy muzokara yakunida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar. Bu so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy sheriklikning mantiqiy natijasidir.

Fransiya rahbari tomonidan mamlakatimizning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakati to‘liq qo‘llab-quvvatlangani bugungi kunda O‘zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik tashqi siyosat jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganining yana bir yorqin misolidir.

Tashrifning muhim natijalaridan biri sifatida xalqaro maydonda yuqori nufuzga ega Fransiya mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini, Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

Aytish lozim, keyingi yillarda jadal rivojlanib borayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatning asosini tashkil qiladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida yil sayin o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori o‘sib bormoqda. Masalan, 2017 yildan boshlab O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo almashinuvi 33,1 foiz oshib, 257,2 million dollardan 2022 yil yakunida 342,4 million dollarga yetdi. Savdo ko‘lami kengayishi davom etmoqda. Joriy yilning 9 oyida ushbu ko‘rsatkich 658,7 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda Fransiya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklaridan biri.

Yurtimizda Fransiyaning “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Eiffage”, “Voltalia”, “Lactalis”, “Veolia” kabi ko‘plab yetakchi shirkatlari energetika, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, transport, qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Bunday kompaniyalari soni so‘nggi yillarda 4 barobar oshdi. Xususan, yurtimizda faoliyat olib borayotgan 47 ta shunday korxonaning 23 tasi 100 foiz fransuz sarmoyasi asosida ish yuritmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar kelgusida savdo hajmini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini jadallashtirishga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib oldilar.

Bunda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoit yaratiladi, ishbilarmonlik tashabbuslari izchil qo‘llab-quvvatlanadi.

Tashrif doirasida Fransiyaning yirik shirkatlari ishtirokida tashkil qilingan qo‘shma biznes-forum chog‘ida mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston – Fransiya sherikligini kengaytirish bo‘yicha to‘rtta eng ustuvor yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, mamlakatimiz “yashil” energetikadek muhim sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi. Yana bir muhim yo‘nalish etib strategik xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilg‘or texnologiya asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish belgilandi. Suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish dolzarb masala sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Navbatdagi ustuvor yo‘nalish – qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga katta e’tibor qaratildi.

Hech shubhasiz, Samarqanddagi uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlar, imzolangan shartnoma va hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan to‘ldirdi, davlatlarimiz ravnaqi va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yangi istiqbolni belgilab berdi.

Abror Fatxullayev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim rahbari