Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Finlyandiya suvni tejash bo‘yicha hamkorlik qiladi
11:44 / 2025-11-01

Kuni kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Finlyandiya biznes-forumi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Forum yakunida hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan 14 ta hujjat imzolandi. Ular qishloq xo‘jaligi va agrosanoat majmuasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, konchilik va geologiya, ekologiya va chiqindilarni boshqarish, suv resurslari, energetika, farmatsevtika, qurilish, turizm hamda innovatsion texnologiyalar sohalarini o‘z ichiga oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Finlyandiya Suv forumi (Finnish Water Forum, FWF) o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik va suv resurslarini boshqarish sohasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan memorandum ham ulardan biridir. Mazkur hujjatni suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Finlyandiya Suv forumi bosh direktori Topi Xelle imzoladi.

Memorandum doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ma’lumot va tajriba almashish, suvni tejashga qaratilgan zamonaviy va raqamli yechimlarni joriy etish, jumladan monitoring tizimlari hamda suvdan qayta foydalanish amaliyotlarini tatbiq etish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, sohada kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida ta’lim, stajirovka va qo‘shma tadbirlarni tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, barqaror rivojlanish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan mazkur tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA