Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Finlyandiya suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tajriba almashmoqda
16:29 / 2025-10-31

O‘zbekiston va Finlyandiya suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘nalishdagi muloqotlar ikki davlat o‘rtasida barqaror rivojlanishni ta’minlash, ilg‘or raqamli yechimlarni joriy etish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim hisoblanadi.

Bugun Finlyandiya delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga tashrif buyurishi ham ana shunday maqsadlarga qaratildi.

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Finlyandiya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng finlyandiyalik mutaxassislar o‘z mamlakatlarida suvdan oqilona foydalanish, raqamli texnologiyalar asosida boshqaruv tizimini takomillashtirish va suv sohasidagi innovatsion loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda Finlyandiyaning “Finnish Water Forum” assotsiatsiyasi bilan vazirlik o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar kelgusida suv xo‘jaligini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Mehmonlar tashrif doirasida Suvchilar maktabi hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi.

Vazirlik axborot xizmatining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi bu muloqot suv resurslarini boshqarish sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Uchrashuv davomida belgilangan hamkorlik yo‘nalishlari kelgusida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish orqali suv xo‘jaligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA